DENATURATSIYA
DENATURATSIYA (de… va lotincha nature — tabiiy xususiyatlar) — turli xil fizik va kimyoviy omillar ta’sirida oqsillar, nuklein kislotalar va boshqa biopolimerlar molekulalarining o’ziga xos tabiiy (nativ) xususiyatlari yo’qolishi. Odatda, bunday hollarda biopolimerlarning biologik faolligi — fermentativ, gormonal va boshqalar yo’qoladi. Denaturatsiya natijasida molekulalarning konformatsiyasi, ya’ni fazoviy tuzilishining o’zgarishi bilan bog’liq bo’lib, ularning shakli, solishtirma optik faolligi, yorug’likni yutishi, eruvchanligi, elektroforetik harakatchanligi va boshqa bir qator fizik, kimyoviy va biologik xususiyatlari ham o’zgaradi. Denaturatsiya nokovalent bog’lar (vodorod bog’lar, ion bog’lar) ning uzilishi bilan bog’liq. Qisman disulfid bog’lar ham parchalanadi. Biopolimerlar Denaturatsiyasi ko’pgina omillar: yuqori harorat, og’ir metallar tuzlari, kislotalar, ultrabinafsha va ionlanuvchi nurlar ta’sirida vujudga keladi. Denaturatsiya to’liq yoki qisman, qaytar va qaytmas bo’lishi mumkin. Qaytar Denaturatsiya ko’pincha renaturatsiya deb ham yuritiladi. Nuklein kislotalarning qaytar Denaturatsiyasidan molekulalarni gibridlashda foydalaniladi.