DENGIZ ILONLARI

DENGIZ ILONLARI (Hudrophilida) — ilonlar oilasi. Uzunligi 2,75 metrgacha. Gavdasining keyingi qismi va dumi eshkakka uxshab ikki yondan siqilgan. Boshi kichik, yirik qalqonlar bilan qoplangan. Ko’z qorachig’i dumaloq. Burnidagi klapanlar burun bo’shlig’iga suv o’tkazmaydi. 16 urug’i, 50 ga yaqin turi ma’lum, Hind va tinch okeanlarining tropik qismida tarqalgan. Suv ostida uzoq tura oladi (og’iz bo’shlig’idagi kapillyar qon tomirlari bilan qoplangan po’stlog’i orqali kislorod oladi). Baliq (ko’proq ugorsimonlar), ba’zi turlari baliq ikrasi bilan oziqlanadi. Ko’pchiligi suvda tuxumdan 1-2 ta tirik bola tug’adi, ayrim turlari quruqlikda bolalaydi. Juda zaharli, zahar kuchi quruqlikda yashovchi ilonlarnikidan ham kuchliroq, ta’siri jihatdan ko’zoynakli ilonnikiga yaqin. Tipik vakillaridan biri ikki xil rangli pelamida (Pelamus platurus) Amerika sohillari yaqinida, ba’zan Yapon dengizida uchraydi. Dengiz ilonlari suvda odamlarga deyarli hujum qilmaydi.