DENGIZ MINALARI
DENGIZ MINALARI – dushman kemalari harakatini to’xtatishga, ularni shikastlantirishga mo’ljallangan qurol turi. Dengiz minalari suzib yoki ko’chib yuradigan va harakatsiz (langarli va dengiz ostida turadigan) xillarga bo’linadi. Harakatsiz minalar langarlar yordamida bir joyda ushlab turiladi yoki suv ostiga cho’ktiriladi. Suzuvchi minalar suv sirtida yoki ostida oqim va shamol ta’sirida ko’chib yuradi. Portlash usuliga ko’ra, Dengiz minalari kontaktli va kontaktsiz xillarga bo’linadi. Kontaktli minalar kema korpusiga urilishi bilan, kontaktsiz minalar turli tabiiy hodisalar (kema korpusining magnit maydoni, vintlarining shovqini va boshqalar) ta’sirida portlaydi. Har bir mina korpusida portlovchi modda zaryadi, portlatish asbobi va ehtiyot anjomlari bo’ladi. Dengiz minalari dushmanga ko’rinmaydi. Portlash moddasining zarbi kuchli bo’lib, kema korpusining suv ostidagi qismiga jiddiy shikast yetkazadi yoki kemani cho’ktiradi.