Dengiz oqimlari
Dengiz oqimlari — dengiz va okeanlarning turli qismlarida bosimning turlicha bo`lishi natijasida suv massasining harakatlanib turishi. Dengiz oqimlari tufayli suv massasi almashib turadi, qirg`oqlar yuviladi, cho`kindilardan yangi quruqliklar hosil bo`ladi, portlarning chuqurligi o`zgaradi. Muzlar uzoq-uzoqlarga oqib ketadi. Dengiz oqimlari iqlimga ham ta’sir etadi, masalan, Shimoliy Atlantika oqimi (Golfstrim) Yevropa iqlimini yumshatib turadi. Dengiz oqimlari shamolniig dengiz yuzasiga ishqalanishi, dengizning turli qismlarida harorat, sho`rlik va atmosfera bosimining turlicha bo`lishi, suv sathining qiyalanishi natijasida hosil bo`ladi. Dengiz oqimlari barqaror yoki o`zgaruvchan, doimiy yoki davriy, dengiz yuzasida yo chuqurrorida yoki dengiz tubida, iliq yoki sovuq, chuchuk yoki sho`r bo`ladi. Eni bir necha o`n km, chuqurligi esa bir necha yuz m ga yetadi. Okean va dengizlarda muayyan yo`nalishda oqadigan doimiy oqimlar bor. (Masalan, Shimoliy va Janubiy passat oqimlari.) Ba’zi oqimlar musson shamollari ta’sirida hosil bo`lib, o`z yo`nalishini mavsumlarga qarab o`zgartiradi.