DENGIZ YOTQIZIQLARI
DENGIZ YOTQIZIQLARI (dengiz cho’kindilari) — yerdagi hozirgi va qadimgi dengizlar tubida hosil bo’lgan cho’kindi va vulkanogen-cho’kindi yotqiziqlar. Dengiz yotqiziqlari termini fizik-kimyoviy va biologik jarayonlar natijasida cho’kindi hosil bo’ladigan zonada tarkib topib tog’ jinsiga aylanishga ulgurmagan mahsulotlar uchun qo’llanilgan. Dengiz yotqiziqlari kontinental yotqiziqlarga nisbatan ko’p va materik Yer po’stidagi cho’kindi qobiq umumiy hajmining 75% dan ko’prog’ini tashkil etadi. Dengiz yotqiziqlari arxey yoki undan ham avval (3,5—4 milliard yil muqaddam) dastlabki dengizlar hosil bo’lish davridan boshlab, yerning butun geologik rivojlanish tarixi davomida hosil bo’lib kelgan. Dengiz yotqiziqlari diagenez jarayonida cho’kindi tog’ jinsiga aylangan. Dengiz yotqiziqlari ohaktosh, dolomit, mergel, kremniyli jinslar, gil va argillit, alevrolit, qumtosh, konglomerat va boshqalardan tashkil topgan. Ko’pchilik metamorfik tog’ jinslari (gneys, slanes, marmar) dastlab Dengiz yotqiziqlari bo’lgan. Dengiz yotqiziqlarining asosiy turlariga terrigen, biogen, xemogen va vulkanogen jinslar mansub. Chuqurligi, qirg’oqdan uzoqligi, dengiz tubining relef shakli, oqimlar va b. omillarga bog’liq holda alohida dengiz havzalarida Dengiz yotqiziqlarining turli fasiyalari hosil bo’ladi. Ba’zi bir autigen minerallar (glaukonit), yotqiziqlarning ichki va tashqi tuzilishi Dengiz yotqiziqlarining belgilari hisoblanadi. Chuqur dengiz soyliklarida to’plangan Dengiz yotqiziqlari asosan mayda donali (gil, alevritlar, ohaktoshli va kremniyli gillar) cho’kindilardan iborat. Yon bag’irliklarda suv osti ko’chki yotqiziqlari vujudga keladi. Dengiz yotqiziqlarining tarkibi, massasi va yer yuzasida tarqalishiga tektonik rejim va iqlim sharoiti katta ta’sir ko’rsatadi. Dengiz yotqiziqlari hosil bo’lish sharoiti geologik tarix davomida bir xil bo’lmagan. Masalan, proterozoy va paleozoyda xemogen cho’kindilar mezozoy va Kaynozoydagiga qaraganda ko’p to’plangan. Tokembriy va erta paleozoyda esa dengiz dolomitlari ko’p hosil bulgan. Temirli kvarsitlar (jespelitlar) faqat proterozoyda ma’lum. 20-asrning 60-yillarida olimlar o’rtasida Dengiz yotqiziqlarini ikkiga — okean yotqiziqlari va Dengiz yotqiziqlariga ajratish g’oyasi paydo bo’ldi. Bular bir-biridan chukindilarning hosil bulish tezligi va ularda terrigen materiallarning ishtirok etishi va etmasligiga hamda biogen jarayonlarning ko’pligi bilan farq qilina boshladi. Chuqur suvli Dengiz yotqiziqlarining okean o’rtasi tog’liklari Rift zonalarida eksgalyasion-cho’kindi, ko’p metalli oksidli rudalanishlar, kontinentlardagi qazilma Dengiz yotqiziqlarida esa stratiform rudali (temir, marganes, uran, vanadiy va boshqalar), noruda (fosforitlar) va yonuvchi (yonuvchi slaneslar, neft va gaz) foydali qazilmalar topilgan.