DERMATITLAR
DERMATITLAR — terining yallig’lanishi. Tashqi muhit ta’sirotlari: terining ishqalanib shilinishi, ezilishi, kuyishi, sovuq urishi, unga nur (rentgen, radioaktiv va quyosh nurlari), turli dorilar (sulfanilamidlar, antibiotiklar) va kimyoviy moddalar ta’sir etishi, bit, burga, kandala, chivin, kana chaqishi, shuningdek, ba’zi o’tlar (masalan, qichitqi o’t) Dermatitlarga sabab bo’ladi. Shartsiz ta’sirotlar (masalan, qaynagan suv) tufayli ro’y bergan Dermatitlarda yallig’lanish ta’sirot tekkan joyning o’zida birdaniga vujudga keladi. Uning bu turi kontakt Dermatitlar deyiladi. U ham o’z navbatida oddiy yoki sun’iy xillarga ajratiladi. Shartli, qitiqlovchi omillar ta’sirida paydo bo’lgan Dermatitlar faqat shu omillarga nisbatan, sezuvchanligi yuqori bo’lgan organizmda kuzatiladi va u allergik Dermatitlar deb ataladi. Belgilari: teri qizarib, shishadi, qichishadi, achishadi va qiziydi. Yallig’langan joyda katta-kichik pufakchalar ko’zga tashlanadi, ular yorilib, ichidan suyuklik chiqadi. Yallig’lanish ko’pincha yuza bo’ladi. Dermatitlarni qo’zg’atadigan omil uzoq ta’sir etea, terining ostki qavatlari ham yallig’lanib, yara bo’lishi mumkin. Namlanib turgan joylar asta-sekin quriydi, qoraqo’tir bo’ladi yoki kulrang tangachalar bilan qoplanadi, ular ham tezda tushib, o’rnida dog’ qoladi va keyinchalik yo’qolib ketadi. Terining sezuvchanligi hammada har xil; bir kishining terisiga hech qanday ta’sir etmagan omil (masalan, tuxum, baliq, qazi, qulupnay yeganda) ikkinchi kishida Dermatitlar paydo qilishi mumkin. Dermatitlarning oldini olish uchun uy-joy va korxonalarni ozoda saqlash, shaxsiy gigienaga rioya qilish, korjoma, rezina qo’lqop kiyish, yuzga oftobdan saqlaydigan surtma yoki krem surtish kerak. Davo asosan Dermatitlarning xiliga va belgilariga qarab tayinlanadi. Hayvonlarda oddiy so’galli, vezikulyoz yoki pufakchali va gangrenali Dermatitlar uchraydi. Ba’zi ozuqalar (tarkibida solonin ko’p bo’lgan kartoshka bardasi, chiqindilari va boshqalar) toshmaga, ekzantemaga sabab bo’ladi. Dorivor moddalarni teriga surtganda, ichirilganda ham Dermatitlar rivojlanishi mumkin. Ko’pgina Dermatitlar biologik preparatlar — tuberkulin, mallein, saramas, kuydirgi antigenlari, zamburug’lar (dermatomikozlar), ektoparazitozlar (qo’tir, mallofagoz, gematopinidoz va boshqalar), endoparazitozlar (gipodermatoz, demodenoz va boshqalar) ta’sirida paydo bo’ladi. Qon zardobi, qichitqi o’t (krapiva) allergik Dermatitlar keltirib chiqarishi mumkin. Hayvonlar jarohatlanganda kelib chiqadigan Dermatitlarda jun qatlami qisman yoki to’liq tushib ketadi, teri qizaradi, shishadi, katta-kichik pufakchalar hosil bo’ladi. Keyinchalik yorilib, suyuklik chiqadi. Yallig’lanish kuchliroq bo’lsa, terining ostki qavatlari ham kasallanib, yara bo’lishi mumkin. Yara yuzasi asta-sekin quriydi, qoraqo’tir bo’lib, keyinchalik yo’qoladi. So’galli Dermatitlar ko’pincha otlarda uchraydi. Shikastlangan joy qalinlashadi, o’simta hosil bo’ladi, yoriladi, qo’lansa hidli suyuqlik ajratadi. Vezikulyozd. ko’pincha qoramol va otlarda uchraydi. Qoramollarda Dermatitlar uzoq vaqt barda bilan boqish natijasida kelib chiqadi. Gangrenoz Dermatitlarda teri kizaradi, shishadi, junlari to’kiladi, qichima va pufakchalar paydo bo’ladi, ba’zan teri va teri osti to’qimalari yaralanadi. Davolash: o’tkir Dermatitlarda kasallik sabablarini aniqlab, qotiruvchi preparatlar qo’llaniladi. Primochka yoki brilliant yashili, malaxit yashili, metilen ko’ki, pioktaninning spirtdagi eritmasi surtiladi. Vishnevskiy mazi, sintomisin emulsiyasi va boshqalar bilan himoya bog’lami (povyazka) qo’yiladi. Ad: Arifov S, Eshboev E., Teri va tanosil kasalliklari, T., 1997. Saidqosim Arifov, Ahror Ro’zimurodov.