DESELEROMETR

DESELEROMETR (de… va lotincha celero — tezlashtiraman va … metr) — transport mashinasining muayyan vaqt birligi mobaynida sekinlashuvi, ya’ni tezligi pasayishini o’lchaydigan inersion (inersiya hodisasiga asoslangan) asbob. Deselerometrda suyuqlik, mayatnik yoki prujinaga osilgan yukcha asosiy ish qismi qisoblanadi. Masalan, mayatnikli Deselerometrning asosiy ish qismi shaffof korpusdagi o’qqa osilgan mayatnik. Deselerometrning ko’rsatuvchi va qayd qiluvchi xillari bor. Rezina qapishgich (biror sirtga taqalganda havo chiqib ketib, shu sirtga yopishib qoladigan moslama) yordamida Deselerometr avtomobilning old oynasi yoki old paneliga mahkamlab qo’yiladi. Bunda mayatnik asbob shkalasidagi nolinchi belgi qarshisidagi vaziyatni egallashi lozim. Avtomobil sekinlashganda inersiya kuchi ta’sirida mayatnik ma’lum vaziyatga og’adi va uning shu og’ish qiymatiga qarab sekinlashish darajasi shkaladan aniqlanadi.