DESTABILLASHTIRUVCHI TANLANISH

DESTABILLASHTIRUVCHI TANLANISH — tanlanishning bir turi, xonakilashtirish jarayonida turning turg’un holatini o’zgartirishga olib keladigan tanlanish. Destabillashtiruvchi tanlanish tushunchasini rus biologi D. K. Belyayev (1970) domestikatsiya (xonakilashtirish)ning biologik asoslarini tadqiq qilish orqali asoslab bergan, Destabillashtiruvchi tanlanish ontogenezning neyroendokrin sistemasi tanlanish ta’siriga o’tganida paydo bo’ladi. Bu hol tur yangi, hali unga noma’lum bo’lgan zo’riqtiruvchi (stressor) omillar bilan to’qnash kelganida yoki unga ma’lum bo’lgan omillarning intensivligi (kuchi) oshib ketganida har doim yuz beradi. Sun’iy tanlash, ya’ni xonakilashtirish jarayonida xonakilashtiriladigan turlar bir qator stress (zo’riqtirish) va tanlovchi omillar ta’siriga to’qnash keladi. Ular orasida asosiysi odam hisoblanadi. Destabillashtiruvchi tanlanish tom ma’noda harakatlantiruvchi tanlanish bo’lgani holda mohiyat jihatdan organizmning rivojlanishini boshqaradigan sistemalarning buzilishiga, ular o’zgaruvchanligining oshishiga olib keladi. Bu hol tabiiy sharoitda harakatlantiruvchi yoki turg’unlashtiruvchi tanlanish uchun birlamchi material bo’ladi. Destabillashtiruvchi tanlanish evolyutsiyani jadallashtiruvchi muhim omil hisoblanadi.