DEVALVATSIYA
DEVALVATSIYA (de va lotincha valeo — qiymat) — milliy pul birligi kursining chet el valyutalari (erkin almashtiriladigan valyutalar, xalqaro hisob birliklari) ga nisbatan pasaytirilishi. Devalvatsiya davlat tomonidan rasmiy ravishda e’lon qilinadi va Qonunchilik asosida amalga oshiriladi. Devalvatsiya mamlakat savdo va to’lov balansining keskin yomonlashuvi, valyuta rezervining holdan toyishi, xalqaro valyuta bozorlarida milliy valyuta kursining pasayishi bilan bog’liq holda yuz beradi. Uning ochiq Devalvatsiya (Devalvatsiya hukumat tomonidan qonun yo’li bilan rasman e’tirof qilinadi, eski qog’oz pulning bir qismi muomaladan chiqariladi yoki qadrsizlangan pul almashtiriladi) va yashirin Devalvatsiya (qog’oz pulning qadrsizlanishi, oltin ta’minotining kamayishi yuz beradi, lekin pulning bir qismi muomaladan olinmaydi) ko’rinishlari bor. 1978 yilgacha jahon mamlakatlari valyutalarining rasmiy qiymati ularning oltin ta’minotini taqqoslash orqali aniqlanar edi. 20-asrning 70-yillari oxiridan (xalqaro kelishuvga muvofiq) barcha qadri baland valyutalardagi oltin nisbatlari bekor qilindi va Devalvatsiya u yoki bu chet el valyutasi (odatda, AQSh dollari, Germaniya markasi, ingliz funt sterlingi va boshqalar) ga nisbatan pasaytirish yo’li bilan amalga oshiriladigan bo’ldi. Masalan, 1990 yil 1 noyabrdan sobiq Ittifoqda amalda bo’lgan rubl AQSh dollariga nisbatan 1,8=1 dollar nisbatida Devalvatsiya qilindi. Devalvatsiya hodisasi hozirgi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarning bankmoliya tizimida tez-tez uchrab turadi. 1998 yilda Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, Yaponiya, Rossiya va boshqalarda yuz bergan moliyaviy tanglik oqibatida bu mamlakatlarning milliy valyutalari dollarga nisbatan qisman Devalvatsiya qilindi.