«DEVONI FONIY»
«DEVONI FONIY» («foniy devoni») — Alisher Navoiyning foniy taxallusi bilan forsiy tilda yozgan she’riy asarlari majmuasi. Navoiy bu devonini umrining so’nggi yillarida, taxminan 1492-98 yillar orasida tuzgan. Ulug’ shoir «Muhokamat ul-lug’atayn» asarida o’zining forsiy tildagi she’rlaridan Xoja Hofiz Sheroziy devoniga o’xshatib («Xoja Hofiz tavrida») devon tuzganini ma’lum qilarkan, shunday deydi: «yana forsiy g’azaliyot Xoja Hofiz tavridakim, jame’ suxanadolar va nazmpiyrolar nazarida mustahsan va matbu’dir, tartib beribmenkim, olti mingdan ab’yoti adadi («baytlar miqdori») ko’prakdurki, ko’prak ul hazratu (Xoja Hofiz) she’riga tatabbu’ voqe’ bo’lubdur». «Devoni foniy»dagi she’rlarning katta qismini Navoiy salaflari va zamondoshlarining g’azallariga yozilgan tatabbular tashkil etadi. 554 g’azaldan 237 tasi Hofiz Sheroziy, 52 tasi Abdurahmon Jomiy, 33 tasi Xusrav Dehlaviy, 25 tasi Sa’diy Sheroziy, 5 tasi Mavlono Kotibiy, 5 tasi Mavlono Shohiy, 4 tasi Kamol Xo’jandiy va boshqa shoirlarning g’azallariga bog’langan. Bunda eng ko’p g’azal Hofiz Sheroziy g’azallariga bog’langani va uning she’rlaridan ilxomlanib yozilgani Navoiyning bu buyuk iste’dod egasiga ixlosi yuksak bo’lganidan dalolat beradi. «Devoni foniy»dan Navoiy (foniy)ning o’z original g’azallari ham o’rin olgan. Shoir ularni «Muxtara», «Ixtiro» deb atab, shu yo’sinda tatabbulardan ajratib ko’rsatgan. Shoirning tatabbu, muxtara she’rlarida ishq-muhabbat mavzui ham dunyoviy, ham tasavvufiy-majoziy uslublarda kuylangan. Navoiyning chuqur ijtimoiy-siyosiy va axloqiy mazmunda yozilgan «Tuhfat ul-afkor» qasidasi esa «Sittai zaruriya» to’plamidan tashqari «Devoni foniy» qo’lyozmalarida ham uchraydi. Bu qasidasi bilan Navoiy o’zbek adabiyotida bu she’riy turni yangi yuksak pog’onaga ko’targan. Ushbu qasidani va «Devoni foniy»dan o’rin olgan bir qator she’rlarni M. Muinzoda, A. Hayitmetov va boshqa o’zbek tiliga tarjima qilishgan. «Devoni foniy»ni ilmiy o’rganish ishiga S. Ayniy, H. Sulaymon, Sh. Shomuhamedov, N. Mallayev, E. Shodiyev, Ali Muhammadiy kabi olimlar munosib hissa qo’shishgan. «Devoni foniy»ning beshta qadimgi qo’lyozma nusxalari mavjud bo’lib, ular chet el qo’lyozma fondlarida saqlanadi. Jumladan, ikkitasi frantsuz Milliy kutubxonasi (Parij)da, yana ikkitasi Turk Islom muzeyi kutubxonasida va «Nuri Usmoniya» kutubxonasi (Turkiya)da, yana biri Tehrondagi Eron Davlat Majlisi kutubxonasida saqlanadi. Bu qulyozmalarning aksariyati Navoiy hayotligida ko’chirilgan, ulardan mukammal va to’lig’i Parijdagi Milliy kutubxonada saqlanayotgan nusxadir. Unda 554 g’azal, 1 musaddas, 1 marsiya, 72 qit’a, 73 ruboiy, 16 tarix, 373 mu-ammo, 9 lug’z (she’riy topishmoq) — jami 1131 she’r bo’lib, 6197 baytni tashkil etadi. Ushbu devonni O’zbekistonda ilk bor professor Hamid Sulaymonov nashrga tayyorlagan (Alisher Navoiy, asarlar [15 jildli], T., 1965, 5-j.). Abduqodir Hayitmetov.