«DEVONI HIKMAT»

«DEVONI HIKMAT» – Ahmad Yassaviyning she’rlarini o’z ichiga olgan majmua. Asl nusxasi saqlanmagan. 19-asrdan boshlab Toshkent, Buxoro, Kogon, Qozon, Istanbul shaharlarida bir necha bor nashr etilgan. Mavjud qo’lyozma va bosma nusxalar bir-biridan farq qiladi. Ahmad Yassaviy «Devoni hikmat»ni shu nom bilan kitob tarzida tartib bermagan. Uni Yassaviyning murid va izdoshlari tuzishgan. Ya’ni ustozlarining hikmatlarini bir joyga jamlab, unga «Devoni hikmat» nomini berishgan. Yassaviylik tariqatiga kirganlar uchun «Devoni hikmat»dagi she’rlarni o’qib yod olish, hatto qobiliyati yetadiganlar uchun shunday shaklda she’rlar yozish tariqatning daxlsiz talablaridan hisoblangan. Yassaviylik tariqati ko’plab shoirlarni yetishtirib chiqarishda o’ziga xos maktab vazifasini bajargan. «Devoni hikmat»dagi hamma she’rlar ham Yassaviyga mansub emas. Unda Yassaviy izdoshlarining ijod namunalari ham kiritilgan. Asar poetik jihatdan xalq qushiklariga yaqin. Shu bois u xalq ommasi orasida keng tarqalgan. Natijada Yassaviy hikmatlari og’izdan-og’izga kuchib, kitobdan-kitobga o’tib, o’z asl tilini va uslubini o’zgartirgan, ammo ularning asosiy g’oyaviy mazmuni saqlanib qolgan. «Devoni hikmat» Islom dini asoslaridan bahs etuvchi, shariatning ahkomi va ahli sunnatning aqidalaridan saboq beruvchi, tasavvuf sirlari va tariqatning odobu arkoni yoritilgan qomusiy xarakterdagi asardir. Unda ilohiy ishq g’oyasi va didaktik mazmun yo’nalishi yetakchilik qiladi. «Devoni hikmat»da Munojot, qasida, munozara janri talablariga muvofiq keladigan she’rlar bilan bir qatorda, «Me’rojnoma» (Hazrat Muhammad alayhissalom madh etilgan manzuma) ham o’rin olgan. Yassaviy tariqati turli davrlarda va turli joylarda Ahmad Yassaviyning ko’plab shogirdlari va muxlislari tomonidan davom ettirilgan. Sulaymon Boqirg’oniy, Bobo Mochin, Shamsiddin O’zgandiy Xudoydod, qul Nasimiy, Ubaydiy va boshqa tasavvuf shoirlar «Devoni hikmat» ta’sirida bir qator asarlar yozgan. Shu bois «Devoni hikmat» faqat Yassaviyniki bo’lmay, Yassaviy tariqatining bir necha asrlik umumiy bir adabiy yodgorligi hisoblanadi. Ad.: Ibrohim Haqqul, Ahmad Yassaviy, T., 2001.