DIFMANOMETR

DIFMANOMETR, differentsial manometr — bosimlar farqini o’lchaydigan asbob. Bosimlar farqi bo’yicha suyuqliklar sathini, bug’, gaz, suyuqliklar sarfini o’lchashda ham ishlatiladi. Ishlash tarziga ko’ra suyuqlikli va mexanik Difmanometrlarga bo’linadi. Suyuqlikli Difmanometrning naychali, qalqovuchli, halqasimon va qo’ng’iroqsimon turlari bor. Masalan, naychali Difmanometr o’z navbatida ikki (Usimon) va bir naychali (idish va vertikal naychali hamda idishli va qiya naychali) turlarga bo’linadi. Ikki naychali Difmanometrning ishi suyuqlik to’ldirilgan tutash idishlardan foydalanishga asoslangan. Usimon Difmanometrning o’lchash diapazoni muxit bosimi 15 mn/m2 (150kg-kuch/sm2) bo’lganda 93 kn/m2 (700 mm sim. ust.). Qalqovuchli Difmanometr bir naychali Difmanometrga o’xshab ishlaydi; bunda idishdagi suyuklik sathining o’zgarishini asbob miliga uzatuvchi sifatida qalqovuch xizmat qiladi. O’lchash diapazoni muhit bosimi 16 mn/ m2 (160 kgkuch/sm2) bo’lganda 0-133 kn/ m2 (0-1000 mm sim. ust.). Mexanik Difmanometr membranali va silfonli xillarga bo’linadi. Membranali Difmanometrning ishi elastik metall membrananing bosimlar o’zgarishi hisobiga egilishiga asoslangan. O’lchash diapazoni mu-hit bosimi 60 mn/m2 (600 kg-kuch/sm2) gacha bo’lganda 133 kn/m2 (1000 mm sim. ust.) gacha. Silfonli Difmanometr burmalangan metall quticha (silfon)ning ichidagi va sirtidagi bosimlar farqi hisobiga ishlaydi. Qalqovuchli, halqasimon, qo’ng’iroqsimon va mexanik Difmanometrlarda ko’rsatuvchi, o’zi yozuvchi hamda elektr kontaktli qurilmalar ham bo’ladi.