Dilmurod Quronov (1960)

Quronov Dilmurod Xaydaraliyevich, 1960 yil 27 oktyabrda O‘sh viloyatida tug‘ilgan. Andijon davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori. 35 yildan beri ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanadi.

Dilmurod Quronov 100 dan ortiq ilmiy ishlar, shu jumladan, 2 ta darslik, 3 ta monografiya, 3 ta qo‘llanma, 1 ta lug‘at muallifi. Respublika matbuotida o‘zbek adabiyotshunosligi masalalariga bag‘ishlangan 80 dan ziyod ilmiy maqolalar chop etgan.

Uning umumiy tahriri va hammuallifligida chop etilgan «Adabiyotshunoslik lug‘ati» adabiyotshunoslik sohasida asosiy lug‘at sifatida foydalanib kelinmoqda.
Olim Abdulhamid Cho‘lponning 3 jildlik asarlari to‘plamining 2-jildini nashrga tayyorlagan, 4 jildlik Cho‘lpon asarlarini nashrga tayyorlash va chop ettirish bo‘yicha guruhga rahbarlik qilgan.

D.Quronov sa’y-harakatlari bilan 2018 yildan boshlab “Andijon ijodkorlari merosidan” nomli seriyada uning umumiy tahriri ostida seriyaning beshta kitobi chop etilgan. Olimning 2010–2019 yillarda “Adabiy jarayonda “Mom sindromi”, “Mutolaa va idrok mashqlari”, “Zavqimdan bir shingil”, “Talqin imkonlari”, “Adabiy o‘ylar”, “Nazariy qaydlar”, “Adabiyot va b. haqida” nomli kitoblari chop etilgan.

Dilmurod Quronov tarjima bilan ham shug‘ullanib, “G‘arb adabiy- tanqidiy tafakkuri tarixi ocherklari” qo‘llanma-xrestomatiyasida 15 nafarga yaqin olimlarning asarlari uning tarjimasida berilgan.

D.Quronov rahbarligida 1 nafar fan nomzodi, 4 nafar falsafa doktori va 1 nafar fan doktori tayyorlangan.