DIPLOMATIYA

DIPLOMATIYA (fr. davlatlarning tashqi siyosat sohasidagi vazifalarini amalga oshirish, shuningdek, chet elda huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi rasmiy faoliyati. «Diplomatiya» termini yunon tilidagi «ikki bukilgan qog’oz» so’zidan olingan. Qadimda Yunoniston va Rimda taxtakach muqova ichiga solingan xat elchilarga ular vakolatini tasdiqlovchi ishonch yorlig’i yoki hujjat sifatida taqdim etilgan. Bu termin hozirgi ma‘noda G’arbiy Yevropada XVIII asr oxirida rasm bo’lgan. Diplomatiya davlat tashqi siyosatining eng muhim vositalaridan biri hisoblanadi, ana shu siyosatning maqsad va vazifalari Diplomatiya shakli va uslublarini belgilab beradi. Diplomatik faoliyatning asosiy shakllari: diplomatik kongresslar, konferensiyalar yoki kengashlar; nota, memorandum, bayonot va h.k. shakllardagi diplomatik yozishma; xalqaro shartnomalarni tayyorlash va imzolash; davlatning elchixonalar va missiyalar orqali amalga oshiradigan chet eldagi vakilligi; xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish; tashqi siyosiy masalalar bo’yicha hukumat nuqtai nazarini matbuotda yoritish. Diplomatik muassasalar va ularning mas‘ul xodimlari diplomatik imtiyoz va immunitetlardan foydalanadi. Xalqaro huquqqa binoan, diplomatik vakillarga o’zlari ishlayotgan mamlakat ichki ishlariga aralashish man etiladi. Diplomatiyaning shakllanishi davlatnksh yuzaga kelishi, uning muayyan organlari va lavozimdor shaxslari faoliyati bilan bog’liq bo’lgan. O’zbek davlatchiligi tarixida chet ellar bilan muntazam aloqalar yo’lga qo’yilganligi yaxshi ma‘lum. Amir Temur davlati Fransiya, Angliya, Kastiliya, Konstantinopol, Genuya va Venetsiya bilan elchilar orqali aloqalarni yo’lga qo’ygan. O’zbekiston mustaqil davlat bo’lgach, xalqaro munosabatlarning to’la huquqli subyektiga aylandi. 120 dan ziyod davlat bilan diplomatik aloqa o’rnatdi (2002- yil). BMT, Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va boshqa obro’li xalqaro tashkilotlar va kengashlarga a‘zo bo’ldi. Uning tashqi siyosati, diplomatik faoliyati O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilanganidek, davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‗l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik hamda xalqaro huquqning umum e‘tirof etgan boshqa qoida va me‘yorlariga asoslanadi. Teng huquqlilik, o’zaro manfaatdorlik va o’zaro hurmat O’zbekiston Diplomatiyasining asosiy tamoyillaridir. O’zbekiston Respublikasi jahonda yangicha iqtisodiy tartib o’rnatish, butun dunyoda, jumladan Markaziy Osiyo mintaqasida yalpi tinchlik va xavfsizlikni ta‘minlash uchun, xalqaro terrorizm va giyohvandlikka qarshi kurashda jahon hamjamiyati bilan birga faol harakat qilmoqda, bu yo’lda barcha diplomatik kanallarni ishga solmoqda. O’zbekistonda Diplomatiya kadrlari Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tayyorlanadi.