DISPETCHERLASH

DISPETCHERLASH — ishlab chiqarish va boshqa jarayonlarni tezkor nazorat qilish hamda boshqarishni markazlashtirish; axborotlarni uzatish va qayta ishlashning eng zamonaviy vositalarini qo’llashga asoslanadi. Dispetcherlash asosiy ishlab chiqarish tsiklidagi barcha jarayonlarning uzluksiz bajarilishini, tejamliligini ta’minlashga, yordamchi va xizmat ko’rsatuvchi bo’linmalarning uzluksiz ishlashini uyushtirishga xizmat qiladi. Dispetcherlashni dispetcherlik xizmati amalga oshiradi. Dispetcherlash ishlab chiqarish jarayoni murakkab, ko’p bosqichli korxonalarda katta ahamiyatga ega bo’lib, u ko’pgina sohalar — mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika, energetika va elektrlashtirish, kimyo, qurilish va qurilish materiallari, yengil va oziq-ovqat sanoatlari, qishloq va suv xo’jaligi, transport tarmoqlari va boshqa sohalarda keng qo’llaniladi: energetikani Dispetcherlashda elektr stansiyalar, elektr uzatish liniyalari va boshqa operativ boshqariladi. Energetika dispetcheri bir qancha elektr stansiyalari va elektr tarmoqlarining birgalikdagi ishini tekshiradi hamda muvofiqlashtiradi. Sanoat korxonalarini Dispetcherlashda kelayotgan axborotni avtomatik ishlash uchun mantiqiy qurilmadan yoki boshqaruvchi kompyuterlardan foydalaniladi. Qurilishni Dispetcherlash aloqa, avtomatik hisobga olish va nazorat qilishning hozirgi zamon jihozlari yordamida amalga oshiriladi. Bunda qurilish o’z vaqtida ishchilar, materiallar, loyihalar, qurilish mashinalari, transport bilan ta’minlanadi; qurilish maydonlari ishlari muvofiqlashtiriladi; ishchilar, mashinalarning bo’sh turib qolishi va boshqa kamchiliklar yo’qotiladi. Avtomobil, havo, suv va temir yo’l transportlaridagi dispetcherlik xizmatining tarkibi va tashkil etilishi ayrim turdagi transportlarning xususiyatiga va ularning texnik jihozlanishiga ko’ra sanoat korxonalaridagi dispetcherlik xizmatidan farq qiladi, bunda yo’lovchi va yuklarni to’xtovsiz va maromida tashishga asosiy e’tibor qaratiladi. Oliy o’quv yurtlarida dispetcherlik xizmati dare jadvallarini tuzish, o’quv auditoriyalarini tasdiqlash, darslarni o’tish jarayonini nazorat qilib borish vazifalarini o’z ichiga oladi. Dispetcherlik xizmati ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlovchi tizim bo’lganligi bois, rivojlangan mamlakatlarda bu tizimni uzluksiz takomillashtirib borish va eng zamonaviy texnik uskunalar bilan jihozlashga katta ahamiyat beriladi. Dispetcherlash mehnat unumdorligini 12-25% oshirishga imkon beradi. Uni tashkil etishga ketgan xarajatlar 1 -2 yilda to’la qoplanadi. Hozirgi O’zbekistonda xalq xo’jaligining yirik korxonalari (masalan, «Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi» aktsiyadorlik jamiyati, Asaka avtomobil zavodi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va boshqalar) da eng samarali ishlaydigan, zamonaviy texnik uskunalarga asoslangan dispetcherlik tizimi tashkil etilgan. Sadir Salimov.