DISSERTATSIYA
DISSERTATSIYA (lotincha dissertation — tadqiqot, mulohaza) — ilmiy daraja olish uchun taqdim etilgan va jamoatchilik oldida yakka tartibda himoya qilinadigan ilmiy asar. Dissertatsiya himoya qilish dastlab o’rta asrlarda nemis tilida so’zlashadigan mamlakatlarning universitetlarida paydo bo’lgan. 16-17-asrlarda boshqa mamlakatlarga ham tarqala boshlagan. O’zbekistonda 1934 yildan fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun Dissertatsiya himoya qilish joriy etila boshladi. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun himoya qilinadigan Dissertatsiya yangi ilmiy-amaliy xulosa va tavsiyalarni o’z ichiga olishi, uning muallifi (dissertant) tanlangan mutaxassislik bo’yicha chuqur ilmiy-nazariy bilimga ega ekanligini ko’rsatib berishi lozim. Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun himoya qilinadigan Dissertatsiya fan va texnikaning muayyan sohasidagi katta ilmiy nazariy muammoni hal qilishi, fan va amaliyotning rivojiga ulkan hissa bo’lib qo’shilishi lozim. Nomzodlik va doktorlik Dissertatsiyalari oliy o’quv yurtlari yoki ilmiy tadqiqot institutlarida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashlarda himoya qilinadi. Himoyaga taqdim etilgan Dissertatsiyaning asosiy mazmuni alohida kitob tarzida yoki jurnal, ilmiy to’plam va bosqa nashrlarda e’lon qilinishi lozim. Ularning soni va hajmi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tomonidan belgilanadi. Shuningdek, muhim ixtiro va kashfiyotlar, ayrim shaxs yoki jamoa tomonidan yangi mashina, boshqarish tizimi, turli asboblar, qurilma va texnologik jaraenlar yaratishdagi tugallangan ishlar, bir muallif tomonidan tayyorlangan mustaqil ilmiy yoki ilmiy metodik asar darajasida bo’lgan original darsliklar ham ilmiy ma’ruza shaklida Dissertatsiya o’rnida himoyaga taqdim etilishi mumkin. Dissertatsiya himoyasi oldidan uning asosiy mazmuni va xulosalari yozilgan avtoreferat e’lon qilinadi. Himoya qilingan nomzodlik va doktorlik Dissertatsiyalari OAK tomonidan belgilangan muddatlarda tasdiqlangandan so’ng Dissertatsiya himoya qilgan shaxslarga davlat tomonidan tasdiqdangan namunadagi diplom topshiriladi. Himoya qilingan Dissertatsiyalar himoya o’tgan ilmiy muassasa kutubxonasida, shuningdek, muayyan soha kutubxonalarida saqlanadi. O’zbekiston Respublikasida 2000/2001 o’quv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimida magistrlar uchun ilmiy yoki ilmiy texnikaviy mazmundagi magistrlik Dissertatsiyasini himoya qilish joriy etilgan.