DISSIDENTLAR

DISSIDENTLAR (Yunoncha dissidents -qo’shilishmaganlar, qarshilar) — 1) davlat dini katolisizm yoki protestantizm bo’lgan davlatlarda hukmron dinga e’tiqod qilmaydigan xristianlar. Kuchma ma’noda — o’zgacha fikr qiluvchilar. 2) 1950-80-yillarning o’rtalarida ko’pchilik sotsialistik mamlakatlarda mustabid tuzumga qarshi harakat qatnashchilarining nomi. Inson va fuqaro huquq hamda erkinliklariga rioya qilinishi uchun, o’zgacha fikrlovchilar ta’qib etilishiga qarshi turli shakllarda chiqishlar qilishdi, sovet qo’shinlarining Chexoslovakiyaga (1968) va Afg’onistonga (1979) kiritilishiga qarshi norozilik bildirishdi. Dissidentlar ma’murlar tomonidan qatag’onlarga duchor etildi, ko’plari josuslik, davlatga xiyonat qilish kabi soxta ayblar bilan ayblanib jazoga tortildi, majburlab ruhiy kasalliklar shifoxonalariga yotqizildi («jazolash psixiatriyasi»), mamlakatdan surgun qilindi yoki muhojir bo’lib ketishga majbur bo’ldi (V. I. Bukovskiy, P. G. Grigorenko, A. D. Saxarov, A. I. Soljenisin va boshqalar).