DMITRIY DONSKOY

DMITRIY DONSKOY, Dmitriy Ivanovich (1350.12.10 — Moskva— 1389.19.5) — Moskva (1359 yildan) va Vladimir (1362 yildan) ulug’knyazi. Ivan II Krasniy (1326-59) ning o’g’li. Otasi o’lgach (1359), Oltin O’rda xoni Murod unga ulug’knyazlik yorlig’ini bergan. Dmitriy Donskoy Moskvada oq xarsangdan Kreml bunyod ettirgan (1364). U 1372 yil Tver shahrini qamal qilib, uning knyazi Mixailni sulh tuzishga va ulug’ knyazlik da’vosidan butunlay voz kechishga majbur etgan. So’ng, shu yili Ryazan knyazligini ham o’ziga bo’ysundirgan. Shu tariqa Dmitriy Donskoy barcha qo’shni knyazliklarni itoat ettirib, Oltin O’rdaga qarshi urushga hozirlik ko’ra boshlagan. Ammo, 1377 yil Ko’k O’rda xoni Arabshoh (1376-77) Dmitriy Donskoy qo’shinini tor-mor keltirib, Suzdal, Nijniy Novgorod va Ryazan knyazliklarini ishg’ol qilgan. 1380 yil Dmitriy Donskoy Oltin O’rda tumanboshilaridan biri — Mamay qo’shinlari bilan jang qilib, uni yenggan. 1381 yil Oq O’rda xoni To’xtamishxon Dmitriy Donskoy qo’shinini butunlay tor-mor keltirib, Moskvani ishg’ol qilgach, rus yana Oltin O’rdaga qaram bo’lib qolgan.