DO’LANA

DO’LANA (Crataegus L.) — ra’nodoshlar oilasiga mansub daraxt yoki buta. Balandligi 6-10 metr, tanasining yo’g’onligi 40-50 santimetr, sershox. 890 turi bor, shundan 10 turi O’zbekistonda o’sadi, Xitoy, Ispaniya, Italiya, Jazoir, Amerika va boshqa mamlakatlarda ham tarqalgan. Barg cheti yirik tishli yoki patsimon bo’lingan, poyaga ketma-ket o’rnashgan. Guli mayda, to’pgulga yig’ilgan. Mevasi 1-5 danakli. Do’lananing manzarali o’simlik sifatida o’stiriladigan, shuningdek, bo’riko’z Do’lana, sariq Do’lana, qizil Do’lana degan turlari bor. Do’lana yovvoyi holda O’zbekistonning tog’li tumanlarida, dengiz sathidan 1000 1500 metr balandlikda, ko’pincha, yakka holda o’sadi, ba’zan kichik Do’lana zorlar ham uchraydi. Ba’zi turlarining mevasi yirik, ko’p iste’mol qilinadi. Sariq Do’lana guli nectar (gulshira)ga boy. Do’lana may—iyunda gullaydi, sentabr oxirlarida pishadi, 25-30 yoshli daraxti 70-80 kilogramm hosil beradi. Mevasi tarkibida 11,5—15,9% qand, 8% yog’, 0,67—0,88% olma kislota bor. Xalq tabobatida ishtaha ochuvchi, ichni qotiruvchi dori sifatida qo’llaniladi. Do’lana bargi, po’stlog’i va ildizi qaynatmasi bilan matolarni sariq va qo’ng’ir rangga bo’yash mumkin. Do’lana olma, nok, behi uchun yaxshi payvandtag bo’ladi. Urug’i, ildizi, ildiz bachkisi va ildiz poyasidan, parxish yo’li bilan ham ko’paytiriladi. Danagining qobig’i juda qattiq, ekilgandan keyin 2 – yoki 3 – yili unib chiqadi. Uni sulfat kislotaga 12 soat solinib, nam qumda baxrrgacha saqlansa, 1-yiliyoq unadi. Do’lana sovuqqa, qurg’oqchilikka chidamli. Do’lanadan yashil devor va ihota daraxtzorlari qosil qilishda, eroziyaga qarshi tog’ yon bag’irlarini mustahkamlashda foydalaniladi.