DOMLA HALIM

DOMLA HALIM, Ibodov Domla Halim (1878, Buxoro — 1940, Toshkent) — ustoz xonanda va sozanda. O’zbekistan xalq hofizi (1931). To’quvchi oilasida tug’ilgan. 10 yoshidan doira chertib, xalq qo’shiqlarini aytgan. Dastlab Sharafxon Ustozdan, keyin ota Jalol, ota G’iyos kabi atoqli san’atkorlardan ta’lim olgan. 19 yoshidan noyob, nihoyatda keng diapazonli (b—g2 orasidagi), kamyob lirik ovozi, ijro mahorati bilan xalq orasida shuxrat qozongan. 1921 yildan Buxoro musiqa maktabida (bu maktab keyinchalik Domla Halim Ibodov nomida) o’qituvchi. O’zbek musiqa va xoreografiya ilmiy tadqiqot instituti (1928, Samarqand) da T. Sodiqov, M. Ashrafiy, M. Burhonov kabi kompozitorlar, Sh. Sohibov, F. Shahobov singari maqomdon xonandalarga ta’lim bergan. 1931 yildan umrining oxirigacha O’zbekistan radiosida xizmat qildi. Ijro uslubi nafisligi, kuylarni aniq va erkin kuylashi, ayniqsa keng nafasi bilan ajralib turgan. Domla halim Buxoro Shashmaqomi yo’llaridan asosan savtlar (Qashqarchai Mo’g’ulchai Segoh, Savti Sarvinoz, Iroq, mo’gul-chai Dugoh, Nasrulloyi, Qashqarcha, Ushshoq va boshqalar)ni baland (katta) avjlar bilan kuylagan. Shu bois, xalq, va san’at axli orasida «avjlar ustasi», «savtxon» deb nom chiqargan. 1937 yil Moskvada o’tkazilgan O’zbek san’ati dekadasining qatnashchisi. Uning repertuaridagi asarlar gramplastinkalarga, folk-lorshunos E. Romanovskaya tomonidan notaga yozib olingan (1935) va musiqashunoslar tomonidan o’rganilgan.