DONOR
DONOR (lotincha dono — hadya qilaman, bag’ishlayman) — bemor (resipient) ga kuyish uchun qonini, ko’chirib o’tkazish uchun ko’mik, teri yoki biror a’zosini beruvchi kishi. Qon berish bo’yicha Donorlik ko’proq tarqalgan. Donorlik — ixtiyoriy hisoblanadi. Hozirgi boshqa mamlakatlardagi kabi O’zbekistonda ham asosan qon o’rniga uning komponentlari — eritrositlar, leykositlar, trombositlar kontsentratlari, plazma va preparatlari ishlatiladi. Shuning uchun Donorlikka qoni bemorga irsiyat bo’yicha mos keladigan, qavmqarindoshlarda qon preparatlariga bo’lgan ehtiyojni qoplash uchun esa ixtiyoriy (badalsiz) qon beruvchi barcha sog’lom kishilar jalb etiladi.
DONOR (fizikada) — yarimo’tkazgichlarda o’tkazuvchanlikni vujudga keltiruvchi elektronlar bilan ta’minlovchi aralashma atomi. Ma’lum kontsentrasiyali biror Donorni kiritib, kerakli fizik xususiyatga ega bo’lgan yarimo’tkazgichli asboblar yaratiladi. Yarimo’tkazgichning kristall panjara tugunlarida joylashgan ayrim atomlarning valentligi asosiy atomlar valentligidan bitta katta bo’lgan atomlar bilan almashtirilganda elektronlar bilan ta’minlanish sodir bo’ladi. Masalan, germaniy panjarasidagi to’rtta valent elektronlarga ega bo’lgan bitta germaniy atomi beshta valent elektronga ega bo’lgan aralashmalar (fosfor, mishyak yoki surma) atomi bilan almashtirilgan bo’lsin. Aralashma atomning qo’shni atomlar bilan kovalent bog’lanish hosil qilishi uchun to’rtta elektroni yetarli. Uning beshinchi valent elektroni go’yo ortiqcha bo’lib qoladi va u atomdan issiqlik harakati energiyasi hisobiga osongina ajralib, betartib harakat qiluvchi erkin elektronga aylanadi. Elektr maydon ta’sirida yarimo’tkazgich kristallidagi bunday elektronlar tartibli harakatga kelib, elektron o’tkazuvchanlikni vujudga keltiradi. Bunday yarimo’tkazgichlar odatda p-turdagi yarimo’tkazgichlar deb ataladi. ya turdagi yarimo’tkazgichlarning elektr, optik va boshqa xususiyatlari Donor kontsentratsiyasiga bog’liq.