DOR US-SIYODAT

DOR US-SIYODAT («Sayyidlar uyi») — Shaxrisabzdagi me’moriy yodgorlik (1379-80). Amir Temur qurdirgan. 19— 20-asr boshlarida qisman ta’mirlangan. Farzandi Jahongir Mirzo maqbarasi (Hazrati Imom maqbarasi) va Amir Temurga mo’ljallangan yer osti go’rxonasi saqlanib qolgan. Dor ut tilovat bilan bir ansamblni tashkil qilgan. Sharafuddin Ali Yazdiy «Zafarnoma»sida yozilishicha, Amir Temur Shahrisabzda maxsus bino qurdirgan, unda o’z o’g’li Amirzoda Jahongir va boshqa amaldorlar hamda buzrukvorlarning daxmalari qo’yilsin, deb farmon bergan. Dor Us-siyodat tarhi Yassaviy majmuasiga o’xshash, asosiy g’arbiy tarzi ravog’i 20 metr kenglikda bo’lib, kirish yo’li xudoyixona (yoki saroyga), undan qoq o’rtadagi Amir Temurga mo’ljallangan yer osti sag’anasi joylashgan binoga olib boradi. Xonaning muyulishidagi uzun yo’lakdan yon xonalarga o’tiladi. Bu xonalar oshxona, masjid, kutubxona, mehmonlar turadigan xujralar bo’lgan deb taxmin qilinadi. Jaqongir maqbarasi Hazrati Imom maqbarasi nomi bilan mashhur. Islom dunyosida yirik olim hisoblangan Eron (Ray shahri)da vafot etgan kufalik Imom Muhammad ibn al-Hasan ibn Vohid Abu Abdulloh Shayboniy xoki Amir Temur tomonidan Shahrisabzga ko’chirilgan (1384) degan rivoyat bor (tarixiy manbalar buni tasdiqlamaydi). 1868-69 yillarda o’rnatilgan maqbara eshigida Hazrati Imom nomi o’yib yozilgan. Maqbara ichkarisi murabba tarhli, yuza ravoqlar ichi va gumbaz osti bag’allari muqarnas bilan to’ldirilgan. Tashqarisida 16 qirrali poygumbaz ustiga baland kuloqiy gumbaz o’rnatilgan. Bu me’moriy uslub Xorazm me’morligiga xos bo’lib, qurilishda xorazmlik ustalar qatnashganligi haqida «Zafarnoma»da yozilgan. Ichkarida bag’allar ostiga zangori bo’yoq bilan «dono kishi buyuk maqsadlar bilan harakat qiladi, tentak odam yuksak maqsadni tutib turadi» degan ma’nodagi o’gitlar yozilgan. Tarzlari sirkor g’ishtchalar bilan qoplangan. Janubiy-g’arbiy burchagidagi minora saqlangan. 19-asr o’rtalarida maqbara yoniga sinchkor katta ayvon, hujralar va gumbazli xonaqoh jome masjidi barpo etilgan. Masjid qurilishi vaqtida Amir Temurning yer osti go’rxonasining qubbasi ochilgan. 1995-96 yillarda arxeologik qazishmalar natijasida majmuaning tarhi aniqlandi, poydevorlari mustahkamlandi, atrofi obodonlashtirildi. Umumiy ta’mirlash tadbirlari Amir Temur tavalludining 660 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko’rish va nishonlash davrida amalga oshirildi. Umumiy o’lchamlari: Dor Us-siyodat — 70×50 metr, Jahongir maqbarasi — 25×15 metr, Amir Temur go’rxonasi 5×5 metr, masjidi 35×20 metr. Ll.Mankovskaya L. Yu ., Qashqadaryo vohasining arxitektura yodgorliklari, T., 1979.