DRAKON TOG’LARI

DRAKON TOG’LARI — Afrikaning Janubi-sharqidagi tog’lar. Shimolda Sabi daryosidan Janubda Greyt-Key daryosigacha 900 kilometr masofaga cho’zilgan. Drakon tog’larining o’rta qismiga Lesoto tog’ligining Sharqiy chekkasi ham kiradi. Janubiy Afrikaning eng baland cho’qqilari (tabana-Ntlenyana tog’i, 3482 metr va boshqalar) shu yerda. Hind okeaniga qaragan yon bag’ri zinapoyasimon pasayib tushgan. Drakon tog’lari Hind okeani havzasiga oquvchi qisqa daryolar bilan Oranj daryosi yuqori oqimi o’rtasidagi suvayirg’ichdir. Asosan, qumtosh va bazaltlardan tuzilgan. Sharqiy yon bag’riga yiliga 2000 millimetrgacha yog’in yog’adi, tropik o’rmon, butazor va tog’ o’tloqlari bilan qoplangan. G’arbiy yon bag’rida iqlim keskin kontinental, savanna va butazorlar bor. Milliy parklar tashkil etilgan.