DRENAJ MASHINALARI

DRENAJ MASHINALARI – qishloq xo’jalikda ekin maydonlarining holatini yaxshilash maqsadida sizot suvlari sathini pasaytirish, ularni to’plash, ya’ni ochiq zovurlar qazish va drenlar yotqizish (drenaj qurish) uchun foydalaniladigan mashinalar. Doimiy va muvaqqat drenaj qurish mashinalariga bo’linadi. Doimiy drenaj qurish mashinalari vazifasiga qarab eni kamida 0,5 metrli xandaq (transheya) qazib, ketidan drenaj (sopol) quvur yotqizadigan; eni 0,1—0,4 metrli tor xandaq qazib, bir yo’la sopol (diametri 100 millimetr) yoki plastmassa (diametri 75 millimetrgacha) quvurlar yotqizadigan; tuproqni tilib, eni 0,2 metrgacha bo’lgan tirqish tubiga plastmassa quvurlar yotqizadigan xillarga bo’linadi. Drenaj mashinalari yer qazib, xandaq ochuvchi (zanjirli ko’p cho’michli, rotorkurakli, shnekli, zanjir-kurakli) yoki tilib tirqish ochuvchi (pichoqli) ish organi va xandaq (tirqish) tubiga drenaj quvurlar yotqizuvchi moslamadan iborat. Xandaq chuqurligi og’ir qumoq yerda 0,8— 1 metr, o’rtacha aralash tuproqli erda 1,0— 1,2 metr va torfli yerda 1,5—1,8 metr qaziladi. Quvurlarni uzunasiga zarur nishablikda yotqizish uchun Drenaj mashinalari xandaq ochuvchi ish organlarini boshqaruvchi nishablik avtomati b-n jihozlanadi. Muvaqqat drenaj ko’rish mashinalari sizot suvli og’ir qumoq yerlarda 0,7—1,5 metr chuqurlikda drenaj tuynuk yoki torfli yerlarda 1,2— 1,5 metr chuqurlikda drenaj tirqishlar yasaydi. Drenaj mashinalari traktorning orqasiga osiladigan pichoq va drendan iborat. Bosim ostida suv yuborib, drenaj quvurlarni cho’kindilardan tozalaydigan mashinalar ham Drenaj mashinalari turkumiga kiradi.