DRUZLAR

DRUZLAR (Arabcha duruz) — shialikda vujudga kelgan firqa (diniy guruh). Asosan Livanda va Suriyada yashaydilar. Ularning karashlari ismoiliylar qarashlariga yaqin. Firqaning paydo bo’lishi 10-11-asrlarda fotimiylar sulolasidan bo’lgan xalifa Hakim nomi bilan bog’liq. Hakim umrining oxirida o’zini Xudo deb e’lon qilgan va o’ziga e’tiqod qilishni talab etgan. U sirli ravishda o’lgach, Livan va Antilivan tog’larida yashovchi xalqlar unga Xudo deb e’tiqod qila boshlaganlar. Druzlar nomi xalifa Hakimning targ’ibotchilaridan bo’lgan Daroziy (1019 yil vafot etgan) ismi bilan bog’liq. Druzlar aqidasiga ko’ra, Xudo odam qiyofasiga kirib, insonlar o’rtasida paydo bo’lishi mumkin (shuning uchun ular Hakimning qaytishiga ishonadilar). Druzlar Qur’on mazmunini majoziy talqin qiladilar. Jonning ko’chib yurishi to’g’risidagi tasavvur tufayli o’limga befarq qaraydilar, Islom dini marosimlarini bajarishni shart deb hisoblamaydilar. Diniy bayramlardan faqat qurbon hayitini va shialarda motam marosimi hisoblangan Ashuroni nishonlaydilar. Druzlar sunniylar tomonidan ta’qib qilingani uchun shialarga xos bo’lgan taqiyya talablariga amal qiladilar. Barcha ismoiliylar kabi Druzlar ham shariatni tan olmaydilar. Druzlar ikki qismga; «omiy» («bexabar») va «uqqol» («bilimdonlar», «xabardorlar»)ga bo’linadilar. Druzlarda masjidga borish, namoz o’qish odati yo’q. Ularning ibodatxonalari «xalvo» deb ataladi. Bu yerda payshanba kunlari faqat «uqqol»largina to’planadilar. O’rta asrlardan boshlab Druzlar o’zlarining merosiy mulklariga va hukmdor amirlar sulolasiga ega bo’lgan. Livanda druz amirlari hokimiyati, ayniqsa, Faxriddin II Maon (1590-1633) va Bashir II Shixob (1788/9 — 1840) davrlarida juda yuksalgan. Druzlar Suriya xalqining 1925-27 yillarda frantsuzlar hukmronligiga va 1958 yilda Isroilga qarshi chiqishlarida faol ishtirok etishgan. Hozirgi vaqtda Druzlar Livan milliyvatanparvarlar kuchlari tarkibida jamiyatni qayta qurish uchun kurash olib bormoqda.