DUBLIN

DUBLIN — Irlandiya poytaxti. Irlandiya orolining sharqida, Liffi daryosining Dublin qo’ltig’iga quyilish erida joylashgan. Aholisi 953 ming kishi (1996, shahar atrofi bilan). Iqlimi dengiz iqlimi. Iyulning o’rtacha temperaturasi 15— 17°, yanvarniki 5°, yiliga 842 millimetr yog’in yog’adi. Dublin to’g’risida dastlabki ma’lumot Irlandiya manbalarida 291 yildan uchraydi. 9-asrdan Dublinni normannlar bosib olgan. 1170 yilda ingliz-normann feodallari qo’liga o’tdi. 1922 yildan mamlakat poytaxti. Dublin mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi. Transport yo’llari tuguni, Irlandiya dengizi sohilidagi mamlakatning eng yirik porti. Xalqaro aeroport bor. Dublin porti orqali chetga chorva mollari, go’sht, teri va boshqa qishloq xo’jalik mahsulotlari chiqariladi. Sanoatining yetakchi tarmoqlari — oziq-ovqatt (pivo pishirish, viski tayyorlash, go’sht konserva va boshqalar) va yengil sanoat. To’qimachilik (17-asrdan poplin to’qish bilan mashhur), tikuvchilik, ko’n-teri, jut korxonalari bor. Kimyo, kemasozlik, mashinasozlik (elektrotexnika, priborsozlik, qishloq xo’jalik mashinasozligi), qurilish sanoati tarmoqlari rivojlangan. Me’moriy yodgorliklardan Dublin qasri — hozirgi Adliya saroyi (13-asr), Kraystcherch cherkovi (1038), Sent-Patrik sobori (1190), ratusha (1769) va boshqalar saqlangan. Dublin universiteti (1591), Milliy universitet, Qirollik musiqa akademiyasi, kutubxonalar, muzeylar, hayvonot bog’i, Milliy galereya (1864), teatrlar bor.