DUNGANLAR

DUNGANLAR (o’zlarini laoxueyxuey yoki chjunyuanjin deb ataydilar) — Markaziy Osiyoda yashaydigan xalq. Umumiy soni 70 ming kishi atrofida (1990-yillar o’rtalari). Qozog’iston, Qirg’iziston, qisman O’zbekistonda yashaydi. Dungan tilida gaplashadi. Dunganlar Xitoydagi Xuey xalqi bilan etnogenetik jihatdan birdir. Dunganlar rus grafikasiga asoslangan o’z yozuviga ega. Islomning sunna va shia mazhablariga e’tiqod qilishadi. Dunganlar ajdodlarining kelib chiqishi fanda hali uzil-kesil hal qilingan emas. Ba’zi olimlar Dunganlar arablar bilan aralashgan xitoylar, ba’zilar esa Xitoyga kelib o’rnashib qolgan fors, turk qabilalari deb hisoblaydi. «Dungan» nomi Sintszyan viloyatida 18-asrda paydo bo’lib, Xitoyning ichki viloyatlaridan ko’chib kelib, o’troklashib qolgan harbiy xizmatchilar, savdogarlar, xunarmandlar va boshqalarni ifodalagan (ba’zan «Dungan»ning etimologiyasini tun gan — hammasi Gan-Sudan» yoki dvun Yanjin — «Xitoyda yashovchilar» deb talqin etadilar). Xitoyning Gansu, Shensi, Lanjou va boshqa viloyatlarida yashaganlar. 1861-78 yillarda Xitoyning shimoli-g’arbida Tsin sulolasi zulmiga qarshi dehqonlar qo’zg’oloni bo’lib o’tdi. Qo’zg’olonda Dunganlar va boshqa xalqlarning kambag’al tabaqasi asosiy kuch edi. Qo’zg’olon yengildi, natijada 1877-78, 1881-84 yillarda Dunganlar to’da-to’da bo’lib Qozog’iston va Qirg’iziston yerlariga qochib o’ta boshladi va shu yerlarda o’rnashib qoldi. 20-asr boshlarida Dunganlar xalq bo’lib shakllandi, tili, madaniyati, adabiyoti va o’z matbuotiga ega bo’ldi. Dunganlar asosan, deqqonchilik (bug’doy, sholi, jo’xori, qand lavlagi, tamaki va boshqalar), bog’dorchilik, hunarmandchilik bilan shug’ullanadi.