Dunyodagi eng baland tog’lar qaysi?

Avvalo, tog’larning o’zi nima? Tog’lar — quruqlikning tekisliklar ustidan baland ko’tarilgan qismidir. Tog’larning o’lchami ham, yuzasi ham o’zaro farq qiladi. Ayrim ulkan tog’larning balandligi bir necha kilometrga yetadi. Boshqalari esa past va tekisdir. Ularning balandligi o’zini qurshab turgan tekisliklardan hisoblaganda, 300 metrga yetishi mumkin. Ayrim tog’lar alohida qad rostlab turuvchi cho’qqilardan iborat. Ammo ular ko’pincha zanjirday bir-biriga ulanib ketadi. Ayrim tog’ tizmalarining yuzlab, hatto, minglab cho’qqilari bor. Tog’lar faqat quruhlikda emas, dengizlarda ham paydo bo’lishi mumkin. Aslida, yerdagi eng katta tog’lar okeanlar tubida joylashgan. Agar tog’larning balandligini o’lchashda ularning suv usti va suv ostidagi qismlari ham hisobga olinsa, eng baland tog’ Gavay orollaridagi Mauna Kea bo’lib chiqadi. Uning dengiz sathidan balandligi 4 205 metr, suv ostiga esa yana 4 877 metri yashiringan. Umumiy balandlik esa 9 100 metrdan oshadi va u dunyodagi eng baland tog’dir. Yer ustidagi eng baland tog’ Everestdir. U Xitoy va Nepal o’rtasida joylashgan. Uning balandligi — 8 848 metr. Ikkinchi o’rinda K2 yoki Kashmirdagi Kodvin Austen cho’qqisi turadi. Uning balandligi — 8 611 metr. Shimoliy Amerikadagi eng baland tog’ Makkinlidir (6 194 metr). Yevropadagi eng baland tog’ Elbrusdir (5 633 metr). Afrikadagi eng baland tog’ — Kilimanjaro (5 963 metr). Janubiy Amerikadagi eng baland tog’ Akonkagua (6 969 metr) Argentina va Chili chegarasida joylashgan. Avstraliyadagi eng baland tog’ esa — Kosiusko (2 226 metr).