ECHMIADZIN
ECHMIADZIN (1945 yilgacha Vagarshapat) — Armanistondagi shahar, Ararat tekisligida, Echmiadzin temir yo’l stantsiyasidan 15 kilometr, Yerevandan 20 kilometr. Aholisi 60,5 ming kishi (1998). Shahar miloddan avvalgi 2-asrdan Vardkesavan nomi bilan ma’lum. 2-asrning 2-yarmi — 4-asrlarda Armanistonning poytaxti. Mashinasozlik, kimyo (plastmassa zavodi), oziq-ovqat (vino kombinati, konserva zavodi) sanoatlari mavjud. O’lkashunoslik muzeyi, Armaniston davlat kartinalar galereyasining filiali, arman shoiri I.M.Ioannisyan uymuzeyi va boshqalar muzeylar bor. Me’moriy va tarixiy yodgorliklardan Sobor (303 yil, 5 va 7-asrlarda qayta qurilgan) va uning qo’ng’iroqxonasi (17-asr), cherkovlar saqlangan. Echmiadzin yonida armangrigorian cherkovi markazi hamda katolikos rezidentsiyasi joylashgan. Monastir majmuasida mehmonxona (18-asr), katolikos uyi (18-asrning 1-yarmi), maktab (1813), tosh hovuz (1846) va boshqalar bor. Echmiadzin yonida Zvartnos ibodatxonasi xarobalari (641-661) mavjud. Sobor ichida o’rta asr dekorativ san’atining noyob kollektsiyasi asarlari namoyish etilgan muzey bor. Turizm rivojlangan.