EDILBOY QO’Y ZOTI
EDILBOY QO’Y ZOTI — go’sht-yog’ yo’nalishidagi dag’al jun beradigan yirik dumbali qo’y zoti. 19-asrda Qozog’istonda xalq selektsionerlari tomonidan mahalliy dumbali qo’ylarni tanlash va ko’paytirish yo’li bilan chiqarilgan. Yirik gavda tuzilishi, tez o’suvchanlik, erta yetiluvchanlik, yuqori mahsuldorlik va sifatli juni bilan tavsiflanadi. Mahsuldorligi jihatidan hisori qo’ylariga yaqin. Tusi qoramtir, qo’ng’ir, oq, sarg’ish, qo’chqorlari ham, sovliqlari ham to’qol. Qo’chqorlarining tirik vazni 100-105 (ba’zan 150) kilogramm, sovliklariniki 65-70 (115) kilogramm, 4-5 oylik qo’zilariniki 40-42 kilogramm. Qo’chqorlaridan 3-3,5 kilogramm, sovliqlaridan 2,5 kilogramm jun olinadi (kokillarining uzunligi 15 santimetr). Sovliqlari nisbatan sersut. Edilboy qo’y zoti, asosan, Qozog’istonda sof hodda urchitib, qo’paytiriladi. O’zbekistonning turli hududlarida (Namangan viloyati Kosonsoy tumani) boqiladigan boshqa dumbali qo’ylar zotini yaxshilashda foydalanilgan.