EDINBURG

EDINBURG — Buyuk Britaniyadagi shahar, Fertof-Fort qo’ltig’i sohilida. Shotlandiyaning bosh shahri, Lotian rayonining ma’muriy markazi. Aholisi 380,5 ming kishi (2001). Transport yo’llarining yirik chorrahasi. Muhim madaniyat va sanoat markazi. Qog’oz, poligrafiya, oziq-ovqat (jumladan, pivo pishirish va viski ishlab chiqarish), mashinasozlik (tibbiyot asboblari ishlab chiqarish, priborsozlik, elektrotexnika, radioelektronika), kimyo (farmasevtika, o’g’itlar ishlab chiqarish) korxonalari mavjud. Universitet (16-asrdan), Shotlandiya akademiyasi, rasadxona, Shotlandiya Qirollik muzeyi, Milliy muzey, Milliy galereya, Edinburg munisipal muzeyi va boshqalar bor. Shahar 6-asrdan ma’lum. 15-asrdan Shotlandiya poytaxti. Me’moriy yodgorliklardan sobiq qirol ko’shki (11-16-asrlar), Shotlandiya qirollari saroyi (1128) va boshqalar 11-19-asrlarda qurilgan binolar saqlangan.