EGALIK HUQUQI

EGALIK HUQUQI — mulk huquqiga tegishli tushuncha; mulkni qo’lda (ya’ni, mulkning bevosita mulkdorni o’zida bo’lishi) yoki biron joyda (masalan, bankda, lombardda) saqlab turish bilan izohlanadi. Mulkdorlik, mulk huquqi mulkka egalik qilish huquqidan boshlanadi. Bunday huquq, avvalo, mulkdorga tegishli bo’ladi. Ammo mulkni egallash huquqi qonun yoki shartnomaga asosan boshqa shaxsda ham bo’lishi mumkin. Masalan, mulk shartnoma bo’yicha ijaraga qo’yilishida, vaqtincha tekin foydalanish uchun topshirilishida, garovga qo’yilishida yoki ma’muriy dalolatnomalarga binoan vaqtincha saqlash uchun biron tashkilot yoki fuqaroga o’tkazilishida mulkka Egalik huquqi mulk egasi hisoblanmagan shaxsda bo’ladi.