EKRANOPLAN

EKRANOPLAN (ekran va Fransuzcha — parvoz qilmoq) — yer yoki suv sirtiga (ekranga) yaqin (odatda, qanotlari enining 0,1—0,2 qismiga teng) balandlikda uchish uchun mo’ljallangan uchish apparati. Birinchi Ekranoplanni fin muhandisi T. Karno 1935 yilda yasagan. 20-asr 70-yil larida Finlyandiya, Shvetsiya, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Rossiyada tajriba variantlari ishlab chiqarilgan. Aerodinamik kuch (ko’tarish kuchi) hosil qilishda tayanch sirtining yaqinligi effekti («ekran effekti») dan foydalanishi bilan samolyotdan farqlanadi. Ekran effektining mohiyati shundaki, bunda aerodinamik quvvatni (aerodinamik ko’tarish kuchining aerodinamik qarshilikka nisbatini) oshiruvchi havo yostig’i hosil bo’ladi. Ekranoplanlarning deyarli barchasi suv sirtidan ko’tarilish va suv sirtiga qo’nishga mo’ljallangan, lekin faqat quruqlikda uchadigan Ekranoplanlar ham ishlab chiqarilgan. Ekranoplanlarning texnik ko’rsatkichlari: massasi — 5 tonnagacha, 1 ta yoki 2 ta dvigatelining quvvati = 500 o.k. gacha, uchish tezligi 250 km/soat gacha. Bortiga 1-6 yo’lovchi sig’adi. Ekranoplan eksperimental tadqiqotlarni bajarish, razvedka va qutqarish ishlarida qo’llash uchun maxsus buyurtmalar bo’yicha ishlab chiqariladi.