EKSTRAKTSIYALASH

EKSTRAKTSIYALASH (lotincha ajratayapman) — suyuq yoki qattiq moddalar aralashmasini maxsus (selektiv) erituvchi (ekstragent)lar yordamida to’la yoki qisman ajratish. Ekstraktsiyalashning fizik mohiyati ajratib olinayotgan (ekstraktsiyalanayotgan) moddaning to’qnashuv paytida bir faza (suyuq yoki qattiq faza) dan ikkinchi faza — suyuq ekstragent fazaga o’tishidan iborat. Ekstraktsiyalash quyidagi jarayonlarni: dastlabki modda aralashmasi bilan ekstragentni to’qnashtirish (aralashtirish); hosil bo’lgan ikki fazani mexanik ajratish; ekstragentni har bir fazadan ajratib olish va regenerasiyalashni o’z ichiga oladi. Ekstraktsiyalash jarayonidan sof farmatsevtik preparatlar olishda, shakar, yog’lar ishlab chiqarishda, aromatik uglevodorodlar, sulfidli neftlarning moyli fraktsiyasi, kaprolaktam, texnik krezollardan m va p krezollarni, divinil rektifikatsiyasi qoldiqlaridan dietil efirni, suyultirilgan eritmalardagi sirka kislotani, oqova suvda qolgan fenol va hokazolarni ajratib olishda foydalaniladi. Nikel bilan kobalt, nikel bilan mis, siyraker elementlari, platinoidlar, tsirkoniy bilan gafniy, niobiy bilan tantal va boshqalarni ajratib olishda Ekstraktsiyalash usuli keng qo’llanadi.