EKTIMA
EKTIMA (Yunoncha — pustula, g’udda), ko’z yara — terining yiringli kasalligi. Terining bilinear-bilinmas chaqalangan, tirnalgan, shikastlangan joylariga mikroblar (streptokokk, stafilokokk) kirishidan paydo bo’ladi. Aksari dumbaga, tizzaga chiqadi. Dastlab terida yiring yoki qon va yiring aralash suyuqlik to’la pufakcha hosil bo’lib, bir necha kundan so’ng u qovjirab, po’st bilan qoplanadi. Po’st tushgach, o’rnida chuqur, chetlari tikka, tubi notekis, yiring boylagan yara ko’rinadi. Yara 2-3 haftadan so’ng bitib, o’rnida dog’li chandiq qoladi. Organizm himoya quvvatining susayishi, vitaminlar tanqisligi, moddalar almashinuvining buzilishi Ektimaga sabab bo’lishi mumkin. Oldini olish uchun terining zararlangan joylarini o’z vaqtida davolash zarur.