EKTODERMA
EKTODERMA (ekto… va derma) ko’p hujayrali hayvonlar murtagining tashqi qavati. Organizmlarning individual rivojlanishi davomida Ektodermadan nerv sistemasi, sezgi organlari, orqa miya, simpatik nerv gangliylari, visseral skelet, pigment hujayralar, tana qoplami va uning hosilalari; teri bezlari, soch, pat, tangachalar, tirnoqlar, shuningdek, teri biriktiruvchi to’qimasining bir qismi, ovqat hazm qilish sistemasining oldingi va keyingi qismlari, tashqi jabralar va protonefridiylar (yassi va to’garak chuvalchanglar ayirish sistemasi) rivojlanadi. Umurtqalilarda Ektoderma hosilalari avval hosil bo’lgan tana qismlari va xordomezoderma materialining induktsion ta’siri (induktsiya) natijasida shakllanadi.