EKVATORIAL GVINEYA
EKVATORIAL GVINEYA, Ekvatorial Gvineya Respublikasi — Ekvatorial Afrika, Atlantika okeani sohilida joylashgan davlat. Tarkibiga materik qism — RioMuni hamda Bioko orol va boshqalar mayda orollar kiradi. Maydoni 28,1 ming kilometr kvadrat. Aholisi 498,1 ming kishi (2002). Poytaxti — Malabo shahri ma’muriy jihatdan 7 provintsiya (rgoutse)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Ekvatorial Gvineya — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1991 yil 17 noyabrdagi referendumda ma’qullangan; 1995 yilda tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshlig’i — prezident; u umumiy ovoz berish yo’li bilan 7 yil muddatga saylanadi va yana bir necha marta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni parlament (xalq vakillari palatasi), ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Ekvatorial Gvineya kontinental qismining yer yuzasi balandligi 600-900 metr bo’lgan tog’liklar (eng baland joyi 1200 metr), sohili kambar pasttekislik. Bioko vulkanli orolida mamlakatning eng baland joyi —Santaisabel cho’qqisi (3008 metr) bor. Iqlimi ekvatorial, doim sernam. Oylik o’rtacha temperatura 24° dan 28° gacha. Yog’in miqdori yiliga 2000 millimetrdan ziyod, orollarda 2500 metrgacha. Daryo ko’p, hammasi sersuv va serostona, faqat quyi qismida kemalar qatnaydi. Asosiy daryosi — Mbini. O’simliklari qizilsariq laterit tuproqdarda o’suvchi doim yashil sernam ekvatorial o’rmonlardan iborat. O’rmonlarda qimmatbaho yog’och olinadigan 150 dan ortiq daraxt turi — moyli va kokos palmalari, temir daraxti, okume va boshqalar o’sadi. Hayvonot dunyosi boy va xilma-xil: maymun, kiyik, mangust, g’izol, fil, qoplon va boshqalar yashaydi. Aholisining aksariyatini bantularga mansub Fang va Bubi xalqlari tashkil etadi. RioMuni sohilida Benga, kombu, lenge va boshqalar xalqlar yashaydi. Rasmiy til — ispan tili. Dindorlarning asosiy qismi katoliklar; protestantlar ham bor. Aholining bir qismi an’anaviy mahalliy dinlarga e’tiqod qiladi. Shahar aholisi 29,2%. Muhim shaharlari: Malabo, Bata. Tarixi. 1472 yil boshida Portugaliyaning Fernando Po boshchiligidagi ekspeditsiyasi Gvineya qo’ltig’idagi orolga kelib tushdi (keyinchalik bu Orol Fernando Po nomi bilan ataldi; 1979 yildan Bioko orol) va uni o’z mulki deb e’lon qildi. 1592 yildan orollarni mustamlakaga aylantirish harakati boshlandi. 1778 yildan u Ispaniya Gvineyasi nomi bilan Ispaniya mulki bo’lib qoldi (1843 yildan Ispaniya orolda mustahkam o’rnashib oldi). Mamlakatning materik qismi — RioMuni Ispaniya va Frantsiya mulkiga aylandi (ular o’rtasidagi chegara 1900 yil belgilab olindi). Ekvatorial Gvineya aholisi ko’p yillar mobaynida o’z ozodligi va mustaqilligi uchun kurashib keldi. Ayniqsa, bu kurash 20-asrning 30-yillari oxiridan jiddiy tus oldi. 1960 yil Ispaniya hukumati Ekvatorial Gvineyaning mustamlaka maqomini bekor qilishga majbur bo’ldi va uni Ispaniyaning «dengiz orti» provintsiyasiga aylantirilganligini e’lon qildi. 1964 yil unga «ichki muxtoriyat» maqomini berdi. Milliy ozodlik harakatining avj olishi natijasida 1968 yil 12 oktda mamlakat Ekvatorial Gvineya nomi bilan mustaqillikka erishdi. Ekvatorial Gvineya 1968 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1992 yil 17 yanvarda tan olgan va 1993 yil 24 iyunda diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayrami — 12 oktyabr — Mustaqillik kuni (1968). Siyosiy partiyalari. Sotsial-demokratik partiya, 1991 yil tuzilgan; Ekvatorial Gvineya demokratik partiyasi, 1987 yil tuzilgan; Liberal-demokratik Konvent; sotsial demokratiya uchun konvergentsiya; Sotsiald-emokratik xalq Konventi. Xo’jaligi. Ekvatorial Gvineya — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq va o’rmon ho’jaligi 46%, sanoat 33%, xizmat ko’rsatish tarmog’i 21% ni tashkil etadi. Qishloq xo’jaligi — mamlakat iqtisodiyotining asosi. Mehnatga layoqatli aholining 80% qishloq xo’jaligida band. Dehqonchilik va yog’och tayyorlash muhim rol o’ynaydi. Eksport uchun kakao, kofe, banan, moyli palma yetishtiriladi. Ichki ehtiyoj uchun maniok, batat, yer yong’oq, makkajo’xori, sholi, tsitrus mevalar, sabzavot ekiladi. O’rmonda yovvoyi moyli palma mevalari yig’iladi, qimmatbaho yogoch tayyorlanadi. Chorvachilik sust rivojlangan. Baliq ovlanadi. Sanoati, asosan, mayda hunarmandchilik korxonalaridan iborat. Palma moyi ishlab chiqarish, yog’ochsozlik, yog’och tilish, qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari bor. Yiliga o’rtacha 20 million kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Avtomobil yo’llari uzunligi 2,7 ming kilometr. Dengiz portlari — Bata, Malabo. Chetga kofe, kakao, yog’och chiqaradi. Chetdan oziq-ovqat, mashina va jihozlar, keng iste’mol mollari oladi. Tashqi savdoda Kamerun, AQSh, Yaponiya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — KFA franki. Tibbiy xizmati. Ekvatorial Gvineyada 1100 o’rinli 20 ga yaqin kasalxona, 150 dispenser, 600 dan ziyod qishloq tibbiyot punkti bor. Vrachlar chet elda tayyorlanadi. Xalq maorifi. Mamlakatda 6 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun majburiy ta’lim joriy etilgan. Davlat maktablari bilan birga xususiy maktablar ham bor. Boshlang’ich maktab 8 yillik. To’liq o’rta ma’lumot olish uchun 9— 11sinflarda 3 yil o’qish lozim. Turli hunar maktablari bor. Malaboda ma’muriy xizmatchilar maktabi va o’qituvchilar tayyorlash (boshlang’ich maktablar uchun) maktabi, Bata shahrida o’rta maxsus ma’lumot beruvchi Politexnika institute faoliyat ko’rsatadi. 1980 yildan Malabo va Batada Ispaniya universitetining sirtqi ta’lim filiallari ishlaydi. Oliy ma’lumotli kadrlar chet elda tayyorlanadi. Malaboda kutubxona bor., Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Ekvatorial Gvineyada «Afrika 2000» jurnal (3 oyda 1 marta ispan tilida), «Vos del Pueblo» («Xalq ovozi», ispan tilida) gazeta, «Elsol» («Quyosh») haftanomasi (ispan tilida) nashr etiladi. Ekvatorial Gvineya milliy radiosi hukumat radiostansiyasidir. Ekvatorial Gvineya milliy televideniesi, teleko’rsatuv xizmati, Malabo shahrida joylashgan. Me’morligi va tasviriy san’ati. Xalq turar joylari yog’ochdan to’g’ri burchakli qilib quriladi va tomi ikki nishabli bo’lib, palma yaproqlari bilan yopiladi. Shaharlar, asosan, tartibsiz qurilgan 1 qavatli uylardan iborat bo’lib, katta maydonni egallaydi (Malabo va Bata shahrilarida 2-3 qavatli). 20-asrning boshlarida ayrim binolar soxta gotika uslubida, 60-yillarda zamonaviy Yevropa me’morligi ruhida (Malabodagi aeroport va telegraf, Bata shahridagi radiostansiya, s’yezdlar saroyi va boshqalar) qurildi. Ekvatorial Gvineya \da yog’och o’ymakorligi (turli raqslarda kiyish uchun niqoblar, dumaloq barabanlar tayyorlash), yog’ochdan geometrik naqshlar bilan bezatilgan qo’ng’iroqchaga o’xshash (lebo) musiqa asboblari yasash rivojlangan.