ELASTIKLIK NAZARIYASI
ELASTIKLIK NAZARIYASI — mexanikaning tinch yoki harakatlanuvchi jismlarda yuk (kuch) ta’sirida hosil bo’ladigan siljish, deformatsiya va kuchlanishlarni o’rganadigan bo’limi. Kuch, temperatura, radioaktiv nurlanish va boshqalar ta’sirida bo’lgan har xil jismlar (mashinalar, inshootlar, konstruktsiyalar va ularning elementlari, to’g’onlar, geologik strukturalar, tirik organism qismlari va hokazolar) Elastiklik nazariyasi usullarida tekshiriladi. Elastiklik nazariyasi usullari vositasida ob’yekt (mashina, inshoot va boshqalar) ning mustahkamlik chegarasini hamda uning ishlash jarayonida ruxsat etilgan kuchlanishlar chegarasini hisoblash, inshootlar, konstruktsiya va detallarning optimal o’lchamlarini aniqlash, dinamik ta’sirlar, masalan, elaspgik to’lqinlar tarqalganda ularda paydo bo’ladigan ortiqcha kuchlanishlarni belgilash, konstruktsiyaning tebranishlar amplitudasi, chastotasi hamda ularda hosil bo’ladigan dinamik kuchlanishlarni hisoblash, hisoblanayotgan ob’yektning ustuvorligini yo’qotuvchi kuchlar qiymatini aniqlash mumkin. Shunday hisoblashlar yordamida qurilishi lozim bo’lgan ob’ekt uchun materiallar ham tanlanadi. Plastiklik nazariyasining baz’i masalalarini yechishda (masalan, ketma-ket yaqinlashish usulida) ham Elastiklik nazariyasi qo’llaniladi. Elastiklik nazariyasi texnika va sanoatning turli sohalarida, masalan, qurilish ishlarida, aviatsiya va raketasozlik, mashinasozlik, tog’-kon ishlarida, shuningdek, fizika, seysmologiya, biomexanika va boshqalar fanlarda mustahkamlik, deformatsiyalanish va ustuvorlik hisoblarining nazariy asosini tashkil qiladi.