ELEKTR ALOQA

ELEKTR ALOQA — axborotlar (nutq, harf-raqamlar, tasvir va boshqalar) sim yoki radiosignallar orqali elektr signallari tarzida hamda optik aloqa tizimi yordamida uzatiladigan aloqa. Signallarni uzatish usuliga qarab, simli aloqa va radio aloqa; uzatiladigan axborotlarning turiga qarab, telefon aloqa, telegraf aloqa, faksimil aloqa, bir vaqtning o’zida nutqiy va tasviriy axborotlarni saqlaydigan va uzatadigan videotelefon aloqa va boshqalarga bo’linadi. Uzatuvchi va qabul qiluvchi punktlar orasida Elektr aloqa o’rnatish uchun uzatuvchi va qabul qiluvchi apparatlar, aloqa kanali, kommutasiya tizimi qurilmalari qo’llanadi. Uzatuvchi apparat signallar (nutqlar, Telegramma matni belgilari, perforasion lentalarga yozilgan belgilar va boshqalar) ni elektr signallariga aylantiradi. Qabul qiluvchi apparat qabul qilingan elektr signallarini qayta eshittirish uchun qulay shaklga keltiradi.