ELEKTR O’TKAZUVCHANLIK

ELEKTR O’TKAZUVCHANLIK — tashki elektr maydon ta’sirida moddada elektr zaryadlarning ko’chishini ifodalaydigan tushuncha; jismning elektr tokini o’tkazish xususiyati va bu xususiyatni miqdoran ifodalaydigan fizik kattalik. Elektr tokini o’tkazadigan jismlarni o’tkazgichlar deyiladi. O’tkazgichlarda doimo erkin zaryad eltuvchilar — elektronlar va ionlar bo’ladi (ana shularning tartibli yo’nalgan harakatlari elektr toki hisoblanadi). Elektr o’tkazuvchanlik miqdor jihatdan o’tkazgichdagi elektr maydon kuchlanganligi bir birlik bo’lganda undan o’tayotgan tok zichligi bilan aniqlanadi. Yarimo’tkazgichlar va dielektriklarda elektronlarning zonalarda energetik sathlar bo’yicha joylashishi bir xil, lekin taqiqlangan zonaning kengliligi dielektriklarda kattaroq. Yarimo’tkazgichlarda elektronlar issiqlik energiyasi hisobiga taqiqlangan zona orqali bo’sh zonaga o’ta oladi. Temperatura ortishi bilan bunday o’tishlar ehtimoli ortadi. O’tgan elektronlar metallarda o’tkazuvchanlik elektronlari turgan sharoitga o’xshash bo’lgan sharoitda bo’ladi va o’tkazuvchanlikda ishtirok etadi. Dielektriklarda bunday natijaga ancha yuqori trada erishish mumkin. Shunday qilib, yarimo’tkazgichlar va dielektriklarda temperatura ko’tarilgan sari Elektr o’tkazuvchanlik ortib boradi.