ELEKTR YOYI

ELEKTR YOYI, Volta yoyi — elektrodlar orasida havo (gaz) da hosil bo’ladigan elektr razryadi. Bunda ravshan yorug’lanish yuz beradi va yuqori t-ra paydo bo’ladi. Tok kuchi katta va gaz oqimi kuchli bo’lsa, temperatura 5000° K gacha yetishi mumkin. Elektrodlar gorizontal joylashtirilganda elektr razryadi qizdirgan gaz oqimlari ta’sirida yorug’lik yoy shaklini oladi. Ikkita ko’mir elektrod orasida havoda hosil bo’lgan E.yo.ni birinchi marta rus olimi V.V.Petrov va ingliz olimi G. Devi kuzatishgan (1802) va ta’riflashgan (1803). G. Devi Elektr yoyini Volta yoyi deb atagan. Atmosfera bosimiga yaqin va undan yuqori bosimlarda har qanday gazda Elektr yoyi paydo bo’lishi mumkin. Elektr yoyining voltamper xarakteristikasi pasayib boruvchi hisoblanadi; tok ko’paygan sari elektrodlar orasida kuchlanish pasayib boradi. Elektr yoyi elektrometallurgiyada, yorug’lik texnikasida va, ayniqsa, elektr payvandda qo’llanadi. Texnikaning ba’zi sohalarida (masalan, yuqori kuchlanishlar texnikasida) Elektr yoyi hodisasi zararli hisoblanadi. Elektr yoyini so’ndirish uchun moyli, havoli, elektrgazli yoy so’ndirish qurilmalaridan, magnit so’ndirish usuli va boshqalar foydalaniladi.