ELEKTROVOZ

ELEKTROVOZ [elektro… va ruscha voz(it) — tashimoq] — asosan, kontakt tarmog’i, ba’zan o’ziga o’rnatilgan akkumulyatorlar yoki faqat akkumulyatorlardan energiya oladigan Lokomotiv. Vazifasiga ko’ra, magistral (yuk, yo’lovchi va yukyo’lovchilarga mo’ljallangan), manyovrchi, sanoat va konlarda ishlatiladigan, foydalaniladigan tok turiga ko’ra, o’zgarmas va o’zgaruvchan tokda ishlaydigan turlarga bo’linadi. Elektrovozga mexanik va elektr jihozlar o’rnatiladi. Mexanik qismiga Kuzov, ramalar, g’ildiraklar, tortish yuritmasi, ressoralar, tormoz qurilmalari, elektr qismiga dvigatellar va boshqalar apparatlar kiradi. Magistral yo’lovchi Elektrovozlarning tezligi soatiga 200 kilometr va undan yuqori, yuk Elektrovozlariniki 110-120 kilometr, Elektrovozlar dvigatelining quvvati 6500 kVt ga yetadi. O’zgarmas tok Elektrovozining f.i.k. 86 — 87%. Birinchi magistral Elektrovoz 1932 yilda Rossiyada yasalgan, keyinchalik takomillashtirib borilgan. Elektrovozning tortish kuchini oshirish uchun bir-biriga ulangan bir necha Elektrovozdan foydalanish mumkin. Ular bitta (odatda, oldindagi) Elektrovozdan boshqariladi. O’zbekiston temir yo’llarida ham teplovozlar bilan bir qatorda Elektrovozlar ham qatnaydi.