ELEMENTLAR MIGRATSIYASI

ELEMENTLAR MIGRATSIYASI — Yer po’sti va yuzasida kimyoviy elementlarning o’z joyini o’zgartirishi va qayta taqsimlanishi. Bu terminni fanga A.E. Fersman kiritgan (1923). Elementar migratsiyasi suyuqfaza (eritmalar, gidrotermal eritmalar, er osti va er yuzasidagi suvlar), gazsimon faza (vulkan gazlari va fumarollar, mineral buloqlar va neft konlari gazlari) va qattiq fazada (diffuziya va qayta kristallanish natijasida) sodir bo’lishi mumkin. Qattiq holatda kimyoviy elementlar, asosan, mexanik yo’l bilan (to’kilib tushishi, suv oqimlari, changto’zon va boshqalar) ko’chadi. Suvli eritmalarda elementlar ionlar, molekulalar va kolloid zarralar shaklida, gazlarda esa molekulyar va aerozollar tarzida siljiydi. Migratsion xususiyat turli elementlarda turlicha bo’lib, kimyoviy birikmalarning tarkibiga va elementlarning qanday fizik sharoitda ko’chishiga bog’liq. Elementar migratsiyasi natijasida kimyoviy elementlarning ayrimlari sochilib, tarqalib ketadi, qolganlari esa to’planadi va ko’pincha sanoat ahamiyatiga ega konlar hosil bo’ladi. Intensiv Elementar migratsiyasi metasomatizm, dengiz havzalarida kimyoviy differentsiatsiya va boshqalar jarayonlarda kuzatiladi. Tashqi jarayonlar ta’sirida bo’ladigan Elementar migratsiyasida biogeokimyoviy jarayonlar katta rol o’ynaydi. Foydali qazilmalarni geokimyoviy usullar yordamida qidirishda Elementar migratsiyasi qonuniyatlariga asoslaniladi.