ELIMINATSIYA
ELIMINATSIYA (lotincha — ostonadan chiqaraman, olib tashlayman) — tashqi muhitning har xil abiotik va biotik omillari ta’sirida organizmlarning halok bo’lishi. Eliminatsiya yashab qolishning teskari ma’nosi. Tabiiy tanlanish va evolyusiya jarayoni yo’nalishini o’rganishda Eliminatsiya shakllari turli tarzda tasnif qilinadi. Odatda, Eliminatsiya umumiy (tanlanmaydigan) va tanlanadigan shakllarga ajratiladi. Umumiy Eliminatsiya — populyatsiyaga turning ekologik plastikligidan chetga chiqadigan muhit omillarining ta’siri natijasida individlarning ommaviy qirilib ketishidan iborat. Tanlanadigan Eliminatsiya — yashash uchun kurash ta’sirida tur individlarining atrof muhit omillariga kamroq moslashgan qismining halok bo’lishi. Tanlanadigan Eliminatsiya tabiiy tanlanish ta’siri intensivligining ko’rsatkichi hisoblanadi.