ELLINIZM

ELLINIZM — Makedoniya, Yunoniston, O’rta dengizning Sharqiy sohillari, G’arbiy Osiyo, qora dengiz atrofidagi mamlakatlar tarixining Aleksandr (Iskandar) istilosi (miloddan avvalgi 334-323 yillar) dan miloddan avvalgi 30 yilda Misr Rim qo’shinlari tomonidan ishg’ol etilgan paytgacha o’tgan davr. «Ellinizm» atamasi ilmda dastlab nemis olimi I.G. Droyzenning 1836-43 yillarda chop etilgan 2 jildli «Ellinizm tarixi» asarida qo’llangan va ushbu atama orqali ellinlarning Sharq mamlakatlaridagi hukmronligi va ular madaniyatining Sharq xalqlari madaniyati bilan uyg’unlashib hosil qilgan yangi madaniyat tushunilgan. Keyinchalik ayrim tadqiqotchilar ellinistik olam hududi va davr doirasini kengaytirib, madaniyati yunonlar ta’sirida shakllangan barcha mamlakat va xalqlarni ko’zda tutadilar. «Ellinizm» deganda, yunon madaniyati rivojinigina nazarda tutib, yunon madaniyatidan Rim madaniyatiga o’tish davrining o’zi, deb hisoblaydiganlar ham bor. Miloddan avvalgi 336 yilda Makedoniya shohi Aleksandr Yunonistonni zabt etib, yunon, makedon xalqlaridan to’plangan katta qo’shin bilan Sharq mamlakatlariga qarshi urush boshlaydi va ko’p o’tmay Hindistonga qadar cho’zilgan bepoyon o’lkaning yakka hukmdoriga aylanadi. Aleksandr vafot etganda (miloddan avvalgi 323 yil), uning davlati tarkibida Bolqon yarim oroli, Egey dengizidagi orollar, kichik va G’arbiy Osiyo, Misr, Markaziy Osiyoning bir qismi bor edi. Aleksandr vafot etgach, uning merosxo’rlari o’rtasida hokimiyat uchun kurash borib, mamlakat parchalanib ketgan. Shu tariqa ellinistik davlatlar yuzaga kelgan. Biroq Ellinizm davrida bu hududdagi turli mamlakat va viloyatlar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning turli pog’onasida bo’lganlar: ba’zilarida quldorlik munosabatlari (Makedoniya), ayrimlarida polis tuzumi tarqalib, qulchilik va qullikning antik shakllari vujudga kelgan (Misr, Salavkiylar davlati). Ko’pgina qabilalar (ayniqsa, ellinistik davlatlarning chegara hududlarida yashaganlar) uchun esa urug’chilikdan sinfiylik jamiyatiga o’tish davri bo’lgan. Ellinizm davri Sharqiy mamlakatlar uchun taraqqiyotning yangi bosqichi bo’ldi. Yunon-makedoniyaliklar Sharqqa ishlab chiqarish malakalarini, o’z davlat va huquq me’yorlarini, urf-odat, din va madaniyatlarini olib keldilar, o’z navbatida, Sharqdan o’rgandilar ham. Davlat boshqaruvida qadimiy Sharqiy monarxiya usullaridan foydalanildi. Pul va savdo-sotiq munosabatlari rivojlangan o’lkalar (Mesopotamiya, Suriya, Kichik Osiyo)da polislar ravnaq topdi. Polislar o’zgardi, ya’ni ular mustaqil respublika bo’lmay, ma’lum siyosiy va iqtisodiy imtiyozlarga ega shahar jamoalariga aylandilar. Yunonlarning qadimiy nomi — «ellinlar» atamasi o’z etnik mazmunini asta-sekin yo’qota borib, makedoniyalik, yunon va mahalliy yuqori tabaqaga mansub kishilarni ifodalaydigan so’zga aylanib qoldi. Merosxo’r (diadox)lar o’rtasidagi kurashlar miloddan avvalgi 3, miloddan avvalgi 2-asr boshlarida ham davom etdi. Ptolemeylar imperiyasi, Salavkiylar davlati, hududiy jihatdan ulardan kichik bo’lsa ham, ijtimoiy tuzum jihatidan ularga yaqin bo’lgan Pergam va kichik Osiyodagi boshqa hukmdorliklar, yunon polislari, ellinistik olamning chekkalaridagi skiflar podsholigi, Armaniston, Parfiya va boshqalar o’rtasida tinimsiz urushlar xalq boshiga qo’p ofatlar keltirdi. Shunga qaramay dengiz sohillari bilan mamlakat ichkarisidagi hududlar o’rtasida iqtisodiy aloqa yaxshilana bordi, mahsulot ishlab chiqarish, savdo (xususan, tashqi savdo) rivoj topdi. Shaharlar savdo va hunarmandchilik markazlari sifatida yuksaldi (Iskandariya, Rodos oroli, Antioxiya, Salavkiya, Pergam). Misr, Suriya, kichik Osiyo, Yunoniston va Makedoniya o’rtasida doimiy dengiz yo’li mavjud edi. Qizil dengiz hamda Fors qo’ltig’i bo’ylab Hindistonga savdo yo’li ochildi. Misr qora dengiz atroflari Karfagen va Rim bilan savdo aloqasini yo’lga qo’ydi. qadimiy karvon yo’llarida polislar va gavanlar yuzaga keldi. Shu bilan birga, ushbu davr polislar federatsiyasi (Ittifoqi)ga ehtiyoj tug’dirdi (bir necha polislar birlashdi). Ammo bu ittifoqlar orasida ham nizolar davom etdi, ijtimoiy qurash kuchaydi. Miloddan avvalgi 2-1-asrlarda isyonlar va ozodlik harakatlari jonlandi. Attika, Pergam, Delos o.larida qullar isyoni, Misr va Salavkiyada dehqonlar qo’zg’oloni yuz berdi. Ayni paytda Rimning mavqei osha bordi. U miloddan avvalgi 197 yilda kichik Osiyoni, Egey dengizidagi orollarni va Yunonistonni bosib oddi. Rim Ellinizm davlatlarini birinketin ishg’ol etib, miloddan avvalgi 30-yilda Misrni ham qo’lga kiritdi va Ellinizm davriga barham berdi. Ellinizm davrida turli xalqlarning madaniyat darajalari har xil bo’lgan bo’lsada, o’ziga xos rivojlanish yuz bergan edi. Ellinistik mamlakatlarda tabiiy fanlar (jumladan, matematika), kemasozlik, harbiy san’at va shaharsozlik rivoj topdi. Dengiz sohillariga ko’pgina mayoqlar qurildi, savdo yo’llari barpo etildi, savdo kemalari ko’proq yuk ko’taradigan va tezroq suzadigan darajaga etdilar. Taraqqiyot asosan ilm-fan borasida bo’lib, avvalo, yunonlarning ilk bor Sharq madaniyati bilan yaqindan tanishishlari ularning ongini yana ham kengaytirib, fanning rivojiga kuchli ta’sir ko’rsatdi. Shu davrda ijod qilgan olimlardan Evklid, Arximed — matematikani; Aristarx, Gipparx — astronomiyani; Eratosfen — geografiyani yuksak darajaga ko’tarib, jahon ilmining kelgusi taraqqiyotiga yo’l ochdilar. Olimlar, shoirlar va san’at ahlining ishlari uchun qulay sharoit tug’dirish maqsadida Misrning dastlabki Ptolemey xoqonlari Iskandariya shahrida hozirgi fanlar akademiyasiga o’xshash muassasa — «muzey», ya’ni muzalar koshonasi ochadilar. Yunonistonning turli yerlaridan chaqirilgan olimlar muzey darsxonalarida ma’ruzalar o’qiydilar, laboratoriyalarda har xil tajriba ishlari o’tkazadilar. Muzey qoshida maxsus kutubxona bo’lgan. Miloddan avvalgi 3-asrning o’rtalarida muzey qiroatxonalarida yarim millionga yaqin papirus o’ramlari saqlangan. 2-asrning boshlarida tashkil etilgan Pergam kutubxonasining fondi Iskandariyanikidan qolishmas edi. Iqtisodiy raqobat tufayli, Ptolemeylar hukumati Misrdan Pergamga papirus chiqarishni taqiqlab qo’yishganida, pergamliklar teridan ishlangan va «pergament» deb ataluvchi maxsus yozuv materiali kashf qildilar. Olimlar esa muzeylarda badiiy asarlarning faqat matnini tekshirish, ya’ni ularning to’g’riligini aniqlash, xatolarini tuzatish, boshqalar tomonidan kiritilgan qo’shimchalarni chiqarib tashlash va hokazo ishlar bilan shug’ullanganlar. Shu tariqa Ellinizm davrida adabiyotshunoslik — Filologiya ilmi yuzaga keldi. Iskandariya filologlari, asosan, Gomer asarlarini o’rganganlar. Ellinizm davrida ilm-fan, ma’rifat, madaniyat, san’at va adabiyot tamomila ellin hukmdorlari tasarrufida bo’lgan. Iskandariya muzeyining xodimlari davlatdan maosh olganlar, maxsus binolarda yashaganlar, kutubxona rahbarlari esa podshohlarning valiahdlariga tarbiyachi bo’lganlar. Ellinizm davrida keng yoyilgan falsafiy ta’limotlar Misr hukmdorlarining manfaatlariga zid bo’lganligi bois Iskandariya muzeylarida falsafa bilan shug’ullanish taqiqlangan. Binobarin, Afina shahri yunon olamining falsafa markazi bo’lib qolgan va yangidanyangi ta’limotlar shu yerda yuzaga kelib, keyin boshqa tomonlarga tarqalgan. Ellinizm falsafasi bu davr uchun muhim omildir. Yunon olamida boshlangan ijtimoiy o’zgarishlar natijasida tug’ilgan siyosiy loqaydlik, beparvolik va umidsizlik kayfiyatlari birmuncha falsafiy ta’limotlarning kelib chiqishiga sabab bo’ldi. Mazkur oqimlarning eng muhimlari — epikurchilar, stoiklar va kiniklar falsafasidir. Epikur (miloddan avvalgi 344-270) o’z ta’limotida Demokritning atom nazariyasini yanada takomillashtirib, axloq masalalariga doir ma’naviy xulosalar chiqargan. Uningcha, modomiki, butun koinot, hatto odamning ruhi ham atomlardan iborat ekan, tabiatda hech qanday g’ayritabiiy hodisalarning bo’lishi mumkin emas. U turli bid’atlarni rad etadi. Koinot haqidagi noto’g’ri tushunchalar odamni har doim qo’rquv va tahlikaga solib, uning osuda hayot kechirishiga xalaqit qiladi. Bo’lmag’ur xavfxatarlardan qutulmas ekan, inson hayotning lazzatlarini his etmaydi, rohatni bilmaydi. Vaholanki, yashashning chin ma’nosi — hayot gashtini surmoqdir. Biroq har bir odam haqiqiy rohatni tashqi olamdan emas, balki o’z ichki dunyosidan, ruhiy erkinlikdan va dilning osoyishtaligidan axtarmog’i kerak. Stoiklar falsafasi ham ko’p jihatdan Epikur fikrlariga yaqin. Bu oqimga asos solgan Zenon (miloddan avvalgi 335— 253) o’zining mashg’ulotlarini Afinadagi peshayvon taxlit binoda o’tkazgan. Shuning uchun yunoncha «stoya» (peshayvon) so’zi keyinchalik ushbu oqimga nisbat berilgan. Epikurchilar ruhiy osoyishtalik printsiplarini targ’ib qilgan bo’lsalar, stoiklar shafqat, saxovat g’oyalarini targ’ib qilganlar. Ularning fikricha, odam bolasi ehtiroslarning ta’sirini yengib, taqdirning izmi, tabiat qonunlari asosida ma’naviy erkin hayot kechirmog’i lozim. Miloddan avvalgi 4-asrda Suqrotning shogirdi Antisfen tomonidan yaratilgan kiniklar falsafasi, shu ta’limot tarafdorlarining mashg’uloti o’tadigan joy — «kinosagers» nomi bilan yuritiladi. Ular jamiyatdagi barcha rasmiy taomillarni, hatto axloqodob qoidalarini inkor qilib, insonni tabiiy holatga qaytishga va soxta udumlarni tashlab, oddiy hayot kechirishga chaqiradilar. Ular o’z ta’limotlarini epikurchilarning betashvish umr kechirish g’oyalariga qarshi qo’yib, qashshoqlik va Gadolikning afzalligini targ’ib etadilar. Kiniklarning bu xildagi «qashshoqlik falsafasi» hukmron tabaqaning barcha an’analariga qarshi qaratilgan isyon edi. Iqtisodiy manfaatdan, ijtimoiy vazifalardan kechib, har qanday rasmiyatchiliqdan xalos bo’lgan va shaxsiy erkinlikni yo’qotmagan holda yaxshi yashashni targ’ib etish orqali ular xususiy mulkni, quldorlikni, diniy tushunchalarni, nikoh tartiblarini va boshqalar usulu qoidalarini inkor etadilar va shu yo’sinda a’yonlarning barcha ma’naviy madaniyatlariga va rasmiy hayotlariga nafrat bilan qaraganliklarini namoyish qilganlar. Adabiyot va san’at saroyga, ellinistik jamiyatning yuqori tabaqalari manfaatlariga xizmat qildirilgan. Antik adabiyotda, xususan, dramaturgiyada muhim o’rin tutadigan ijtimoiy-siyosiy va axloqiy mavzular Ellinizm adabiyotida sayozlasha borib, ilgarigi jangovar ruhini yo’qotib, torintim doiraga tushib qolgan. Maishiyoilaviy, ishqiy kechinmalar haqidagi asarlar yozish odat tusiga kirgan. Biroq Afinaning o’zidagi adabiyot («yangi Attika komediyasi» deb ataluvchi yo’nalish) bundan istisno edi. Bu davrning jahon adabiyotiga qo’shgan muhim hissasi ham «yangi komediya»dir. Bu ibora adabiy iste’molga eski zamonlarda kiritilgan bo’lib, Ellinizm davrida paydo bo’lgan komediyaning yangi turini Attika davridagi «qadimgi» komediyadan hamda 4-asrdagi «o’rta» komediyadan ajratish maqsadida ishlatilgan. Evripid tomonidan dramaturgiyaga kiritilgan qator yangiliklar va «o’rta» komediyaning ijodiy usullari yangi oqimning shakllanishi va taraqqiy etishida adabiy maktab vazifasini bajardi. Ellinizm olamida «yangi komediya» qariyb 200 yil (miloddan avvalgi 4-asrning 2-yarmi — 2-asrning 1-yarmi) umr ko’rdi. Bu janrda ijod qilgan shoirlarning soni 160 dan ortiq bo’lgan. Ulardan Filemon (taxminan 361— 263), Difil (taxminan 350-263) va Menandrning (taxminan 343-292) nomi alohida ta’kidlanadi. Menandr o’zining ba’zi dramalarida («hakam sudi», «qirqilgan soch») davrning dolzarb masalalarini, psixologik jarayonlarni qo’rsatishga intilgan. Ellinizm davridagi komediyanavis shoirlarning bizga qadar etib kelgan asarlarida (ularning ko’pchiligi tomoshabinga manzur bo’lishi uchun) asosiy e’tibor komediyaning tashqi ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan. Ayrimlarida hayotda bo’lmaydigan sun’iy hodisalar, yasama voqealar, uyatli gaplar, beo’xshov masxarabozliklar bilan kuldirishga harakat qilingan lavhalarni kuzatish mumkin. Ellinizm davri she’riyatida, asosan, kichik hajmdagi adabiy asarlar: epilliya, elegiya, epigramma va idilliyalar avj oldi. Katta shaharlarning jonsarak shovqinsuronidan, ig’vo va fitnalaridan tinkasi qurigan inson hayotning g’alvalaridan bosh olib tabiat quchog’iga ketishni, oddiy dehqonlar, soddadil cho’ponlar singari osuda hayot kechirishni orzu qilganligi natijasida yangi poetik janr — idilliya va bukolika, ya’ni cho’pon poeziyasi yuzaga keldi. Kamimax (taxminan miloddan avvalgi 310-240) davr adabiyotining ko’zga ko’ringan vakillaridan biri bo’lib, uning 800 dan ortiq ilmiy va badiiy asarlari borligi haqida ma’lumot etib kelgan. «Jadvallar» nomli bibliografik asari 120 jilddan iborat bo’lib, bu tazkirasifat asarida yozuvchi o’zidan avval o’tgan olimlar va yozuvchilar haqida qisqacha ma’lumotlarni jamlagan. Uning epigrammalari ham aniq, o’tkir va qisqa yozilgan. To’rt kitobdan iborat va elegiya janrida yozilgan «sabablar» dostoni mifologiyaga oid asardir. Kallimaxning Attis (kichik Osiyo xalkdarida tabiat xudosi) haqidagi epilliyasi, ma’budlar (Zevs, Apollon, Artemida)ni maqtovchi madhiyalari ham bor. Dostonlar yozgan Rodoslik Appoloniy (taxminan 295-215) «Argonavtika» dostoni bilan bu janrni davom ettirdi. U bu asarida mifologik obrazlarga ko’proq e’tibor bergan. Kichik hajmdagi nazmiy asarlari bilan tanilgan Feokritning (taxm. 300— 250) qalamiga mansub «idilliyalar» to’plamida 30 she’r va 25 epigramma mavjud. Bu asarda shoir mazmun jihatdan rang-barang asarlar yaratgan va unda asosiy o’rinni sokin tabiat qo’ynidagi hayotni tasvirlovchi asarlar — «bukolika» (cho’ponlar qo’shig’i)lar egallagan. Davr nasrida folklor an’analari ustunlik qiladi. Shunga qaramay, insonning ruhiy dunyosini va maishiy hayotini tasvirlashda ma’lum yutuqlarga erishilgan. Bu esa keyingi yunon va Rim nazmi va romanchiligiga samarali ta’sir ko’rsatgan. Ellinizm davri qadimiy Yunon va qadimiy Sharqning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy munosabatlarining qo’shilish va bir-biriga ta’sir ko’rsatish davridir, bu davrda madaniyat va san’atda ham an’analar qo’shilib bordi, uyg’unlikda rivojlandi. Davr ruhi va xususiyatlari, ayniqsa, me’morlik va monumental san’atda o’zining yorqin ifodasini topdi. Hukmdorlar o’zlarining saltanatlarini muhtasham binolar, ajoyib san’at namunalari bilan boyitishga harakat qildi. Yangi shaharlar paydo bo’ldi (Pergam, Iskandariya kabi), ular ulug’vorlikda va serhashamlilikda Afinani ortda qoldirdi. Shaharlar, inshootlar ansambl tarzida bunyod etildi, ko’chalar, maydonlar, binolar haykaltaroshlik asarlari bilan bezatildi, uylar mozaika, devoriy rasm, haykaltaroshlik asarlari bilan ko’rkamlashtirildi. Bog’chorbog’ bilan bog’liq bezak haykaltaroshligi keng tarqaldi, yangi inshoot turlari — kutubxona, Museyonlar paydo bo’ldi [Aleksandriya (Iskandariya) kutubxonasi, Aleksandriya (Iskandariya) museyoni va boshqalar], bunyod etilgan ibodatxona, altar, memorial inshoot turlarida Sharq san’atining kuchli ta’siri o’z aksini topdi (Pergamdagi Zevs altari va boshqalar). Ellinizm tasviriy san’atida yunon klassikasi bilan mahalliy madaniyat elementlarining uzviy qo’shilishi kuzatiladi; san’at asarlarida fuqarolik ruhi o’rnini hukmdorning harbiy g’alabalarini tarannum etish, umumlashma obrazlar o’rnini yagona shaxsni ulug’lovchi, uning ruhiyatini ifodalovchi asarlar yaratish egallaydi, bezakdorlik bilan birga voqelikni haqqoniy aks ettirish kuchayadi. Monumental haykaltaroshlik (ulutvor bo’rtma kompozisiyalar yaratish) keng taraqqiy etdi (Zevs mehrobidagi Friz), haykaltaroshlik kompozisiyalari («Laokoon va uning o’g’illari», «Farnez buqasi» va boshqalar) va portretlari (kichik shakllar haykaltaroshligi) da obrazlarning hayotiyligi ortdi («O’zi va qallig’ini o’ldirayotgan Gall», «O’layotgan Gall», shuningdek, Tanagra haykalchalari). Rangtasvirda ko’p shaklli komggozisiyalar tarqaldi. Misrda rassomlik ham rivojlangani, adabiy manbalarda Apelles, Antifil kabi rassomlar samarali ijod qilgani to’g’risida ma’lumotlar bor. Ellinizmga xos umumiy xususiyatlar vaza rassomligi, gliptika, torevtika, badiiy shisha idishlarda ham quzatiladi. Ellinizm numizmatika san’atida yaqqol ko’zga tashlanadi. Markaziy Osiyoga bo’rtma tasvirli tangalarning kirib kelishi Salavkiylar sulolasi nomi bilan bog’liq. O’rta Osiyoda ishlangan tangalarda portretlar tashqi ko’rinishi bilan birga, shaxsning fe’l-atvorini ham haqqoniy tasvirlab, yunon bo’rtma tasvirlaridan o’tib ketdi, «o’rta osiyocha» mo»jaz portret san’ati rivojlandi. Demetriy tasviri tushirilgan tangada uning xarakteri va mavqei fil shakli bo’lgan bosh kiyimda tasvirlanadi (bu uning Hindistonni zabt etganiga ishoradir). Ellinizm davrida O’zbekistonda mahobatli haykallar ham ishlanganligi ma’lum. Jumladan, Artemida Anaxita siymosida mujassamlashgan. Uning oltindan ishlangan haykallarida boshida nur sochib turgan toji bo’lgan, bunday haykallar Baqtriyaning bosh ibodatxonasiga o’rnatilgan. Bunday nur taratib turgan toj Demetriy tangalaridagi bo’rtma tasvirlarda ham uchraydi. Zardushtiylik dinining yunonlarga ta’siri qadim davrlarda kuchli bo’lganidek, Ellinizm davrida ham bu ta’sir sezilarli edi. Kommagen podshohi Antioxning (miloddan avvalgi 1-asr) toshga o’yilgan yozuvida «Zevs» va Oramazdning osmon taxtlari» deyilgan. Bu esa zardushtiylik ma’budi Ahuramazda yunonlarning bosh xudosi Zevs bilan bir darajaga qo’yilganligini biddiradi. Ellinizm davrida, ayniqsa, zardushtiylik ta’limoti katta rol o’ynadi. Dastavval ahdga sodiqlik, keyinchalik haqiqat uchun kurashuvchilar tomonida jang qiluvchi urush xudosi, buyuk hakam va nihoyat, yorug’lik xudosi Mitra ellinistik mamlakatlarda keng tarqaldi. Bu ma’bud hindlarda «Mitra» Avestoda «misra», sug’dlarda «Mishra» deyilgan: Avesto tilidagi «r» tovushi Sug’d tilida «sh»ga aylangan, natijada «Missha» shakli paydo bo’lib, keyinchalik «misra» shaklini olgan. Persopoldagi qoyatosh yozuvida ham Mitra «Mishra» shaklida berilgan. qadimiy yunon adabiyotida Mitra dastavval Gerodot «Tarix»ining 1-kitobida tilga olingan. Miloddan avvalgi 4-asrdan Markaziy Osiyo xalqlari tarixida yangi davr boshlangan. Hindistondan Yevropagacha, Yevropadan Misrgacha bo’lgan hududni o’z ichiga olgan ellinistik davlatlarning iqgisodiy, siyosiy, ijtimoiy hayotida Markaziy Osiyo xalklari ham ishtirok etadilar. Shu tariqa, Ellinizm davri Sharq va yunon xalqlari madaniyati, adabiyotlarining o’zaro boyishi jarayonining oliy cho’qqisi bo’ldi. Ellinizm Aleksandr bosib olgan yurtlardagi xalqlar hayotining turli sohalari — iqtisodiyot, siyosat, ijtimoiy-madaniy hayotidagi katta o’zgarishlarga olib kelib, ellinistik madaniyatning ravnaq topishi va keng tarqalishiga zamin hozirlagan. Osiyo va Yevropaning hamma mintaqalarida Ellinizm bir tekisda rivoj topmagan. Ammo ellinistik davlatlar inqirozga uchragandan so’ng bir necha asrlar o’tgandan keyin ham ellinistik madaniyat san’at va adabiyotda davom etib kelgan. Ad,: Tara V., Ellinisticheskaya tsivilizasiya, M., 1949; Ranovich A.B., Ellinizm i ego Istoricheskaya rol, M., 1950; Tronskiy I.M., Istoriyaantichnoy literaturg, M., 1983; Al imuxammedov A., Antikadabiyottarixi, T, 1975; Sulaymonova F., Sharq va G’arb, T, 1998; Rtveladze E., Velikiy shelkovsh put, T, 1999. Mo’minjon Sulaymonov, Otabek Jo’raboev, Ne’mat Abdullaev.