ELSARI
ELSARI — tabiiy past bo’yli nok navi. R.R. Shreder nomidagi bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tekshirish institutida Lyubimisa klappa va kuzgi Qizil Nashvati navlarini chatishtirib chiqarilgan (S.K. Sharipov). Daraxti balandligi 4-5 metr, shox-shabbasi kengligi 3,5 metr, yog’ochi pishiq. Daraxti tez hosilga kiradi, serhosil. Mevasi avgustning ikkinchi yarmida pishib yetiladi, vazni 250-300 gramm, shakli noksimon, bir oz notekis, po’sti yupqa, silliq, rangi och sariq, quyoshga qaragan tomoni to’q qizil. Eti sarg’ishoq, sersuv, shirinnordon, og’izda eriydi, xushbo’y. Yangiligida yeyiladi. Saqlashga va tashishga chidamli.