ELTUZARXON
ELTUZARXON, Eltuzar Muhammad Bahodirxon (? — 1806) — qo’ng’irotlar sulolasidan bo’lgan birinchi Xiva xoni (1804-06). Avaz inoqning o’g’li. Otasi vafotidan so’ng Eltuzarxon soxta xon Abulg’ozi V ni taxtdan tushirib, o’zini xon deb e’lon qilgan. Shu tariqa u Xivada Qo’ng’irot avlodidan bo’lgan xonlar sulolasini boshlab bergan. Bu sulola 1920 yilga qadar Xiva xonligini idora qilib kelgan. Eltuzarxon xonlikda markazlashgan davlat siyosati yurgizish uchun harakat qilgan. 1804 yil Eltuzarxon Buxoro hududiga bostirib kirgan. Biroq Amudaryo bo’yidagi hal qiluvchi jangda xivaliklar yengilgan. Eltuzarxon davrida bir qancha me’moriy obidalar (masalan, Xivadagi ko’rinish xona) bunyod etilgan. Uning saroyida tarixchi, shoir va davlat arbobi Munis ijod qilgan.