EMIGRATSIYA

EMIGRATSIYA (lotincha — ko’chib ketmoq) — aholining muayyan mamlakatdan boshqa mamlakatga doimiy yoki vaqtinchalik yashash uchun (ixtiyoriy yoki majburiy) ko’chib ketishi. Emigratsiya, asosan, kam rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarga xos bo’lib, u erdagi ishsizlik va boshqalar iqtisodiy qiyinchiliklar, ijtimoiy va milliy tengsizlik, siyosiy, diniy va boshqalar ta’qiblar tufayli sodir bo’ladi. Emigratsiya mamlakatlar aholisining soni va tarkibiga bevosita ta’sir etadi. Emigratsiya tushunchasi uchun yagona ta’rif mavjud emas, har bir davlatning o’z mezonlari bor. Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risidagi xalqaro Paktda har bir fuqaroning xohlagan davlatni, jumladan, o’z mamlakatini ham tark etish huquqi (ya’ni Emigratsiya huquqi) nazarda tutilgan. 19-asrning 70-yillariga qadar Yevropa davlatlarida Emigratsiya jarayoni kuchli bo’lgan. 1940-60 yillarda Irlandiya, 196070 yillarda esa Portugaliya va Gresiyada Emigratsiya jarayoni tufayli aholi soni keskin qisqargan. 1946-61 yillarda yevropa davlatlaridan Amerikaga 6,9 million emigrant ketgan. AQSh, Kanada va Avstraliyaga aholining ko’plab ko’chib ketishiga sabab ishchi kuchiga bo’lgan talabdir. O’zbekistonda ham ba’zi tarixiy davrlarda ma’lum dapajada Emigratsiya jarayoni bo’lib turgan. Bu jarayon 20-asrning 90-yillarida sobiq Ittifoqning parchalanishi tufayli birmuncha kuchaydi. O’zbekistonda yashab kelayotgan rus, ukrain, qrimtatar, yahudiy kabi millatlarning ma’lum qismi o’z tarixiy vatanlariga ko’chib keta boshladi. 1996 yilda O’zbekistondan ketgan migrantlar soni 59,7 ming, 2002 yilda 86,5 ming kishini tashkil etgan.