ENDOPLAZMATIK TO’R

ENDOPLAZMATIK TO’R, endoplazmatik retikulum — eukariotlar hujayrasining membranali umumiy organoidi. AQSh olimi K.Porter fibroblastlar endoplazmasida kashf etgan (1945). Uning nafis tuzilishi elektron mikroskop kashf etilganidan keyin o’rganilgan. Endoplazmatik to’r hujayrada o’zaro tutashgan bir qavat membrana bilan tsitoplazmadan chegaralangan mayda vakuolalar va naychalar sistemasidan iborat. Endoplazmatik to’r qalinligi 5— 7 nm, ko’pincha yadroning tashqi membranasi va hujayra membranasi bilan tutashgan. Endoplazmatik to’r silliq (agranulyar) va donador (granulyar) bo’ladi. Silliq Endoplazmatik to’r membranasida ribosomalar bo’lmaydi. Silliq Endoplazmatik to’r lipidlar horil bo’lishi va to’planishida, glikogen almashinuvida, trigliseridlar, steroid gormonlar sintezida, zaharli moddalar to’planishi va ajratilishida qatnashadi. Muskul tolalaridagi silliq Endoplazmatik to’r sarkoplazmatik to’rni hosil qiladi. Bu to’r Sa ionlarini otib chiqarish yoki tuplash orqali muskullarning qisqarishi va bo’shashini boshqarib turadi. Donador Endoplazmatik to’r membranasi ribosomalar joylashgan naychalar va yassi qopchiqlardan iborat. Donador Endoplazmatik to’r membranalariga birikkan ribosomalar kompleksi — poliribosomalarda oqsil sintezlanadi. Sintezlangan oqsillar Golji kompleksiaa to’planadi yoki hujayradan tashqariga chiqariladi. Sintezlangan oqsillar dastlab donador Endoplazmatik to’r naychalariga tushib, u yerdan ATF sarfi hisobiga hujayraning boshqa qismlariga tashilishi yoki naychalarda to’planib, modifikasiyaga uchrashi mumkin. Donador Endoplazmatik to’r oqsil sintezlaydigan organlar (me’da osti bezi, so’lak bezlari va boshqalar) hujayrasida ko’p bo’ladi; ixtisoslashgan murtak hujayralarida bo’lmaydi.