ENERGETIKA VA AVTOMATIKA INSTITUTI
ENERGETIKA VA AVTOMATIKA INSTITUTI, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi energetika va avtomatika instituti — energetika va avtomatikaga doir ilmiy tekshirish ishlari bilan shug’ullanadigan ilmiy muassasa. SSSR Fanlar Akademiyasi O’zbekiston filiali (O’zFAN)ning energetika bo’limi negizida 1941 yilda energetika instituti nomi bilan tashkil etilgan. 1956 yildan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi energetika va avtomatika instituti, 1963 yildan O’zbekiston Energetika va avtomatika ilmiy tekshirish instituti deb atalgan, 1981 yildan hozirgi nomda. Institutda quyidagi yo’nalishlar bo’yicha fundamental, amaliy va innovasion tadqiqotlar olib boriladi: issiqlik energetikasining fundamental muammolari, murakkab issiqlik va elektr energiyalari ishlab chiqarishda zamonaviy texnologiyalarni qo’llash; optimal boshqarish nazariyasi va yirik nasos stansiyalarining sug’orish tizimlarida elektr yuritmalarni boshqarish jarayonini avtomatlashtirish va rostlash texnologiyasi; issiqlik va elektr energiya manbalarida qayta tiklanadigan murakkab tadqiqotlar va texnologiyalar; sanoat korxonalarida elektrotejamkorlik texnologiyasi; elektrofizika va yuqori kuchlanishlar texnikasi, o’ta yuqori kuchlanishlardagi elektr uzatishda isroflarni kamaytirish, ko’p komponentli suyuqlarni tozalash; funktsional elektronikaning ilmiy asoslarini yaratish; o’lchash va hisoblash qurilmalarini tadqiq qilish. Institutda 10 ta laboratoriya, respublikada yagona Nodir ob’yekt «yuqori kuchlanishlar va katta toklar markazi», zamonaviy kompyuterlar va dasturiy vositalar bilan jihozlangan va internetga tez ulanadigan «energetikada informasion texnologiyalar markazi» bor (2005). Institutda energetika fani va amaliyoti uchun muhim ilmiy natijalarga erishildi. Elektr tizimlarini hisoblashning ixcham nazariyasi va usullari yaratildi, yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyadaridan kichik quvvatlarni olish sxemalarini yaratish, respublikaning tabiiyiqlim sharoitlaridan samarali foydalanish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, xususan, quyot energiyasi, shamol kuchi, yer osti suvlari temperaturasi va kichik gidroelektr stansiyalardan foydalanish bo’yicha keng qamrovli ilmiy tekshirish ishlari olib borildi. Bundan tashqari, energetika korxonalarida ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va telemexanizatsiyalash borasida muhim natijalarga erishildi. Yarimo’tkazgichli elementlar asosida invertorlarning bir qancha sxemalari taklif etildi va boshqalar muhim ilmiy tekshirish ishlari bajarildi. Institutda energetika tizimlarining samaradorligini oshirish, quvvatni tejash, ekologik sof energetikaning dolzarb muammolari bo’yicha fundamental tadqiqotlar olib boriladi. Yangi energiya manbalarini topish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari samaradorligini oshirish, ularning energiya tizimidagi salmog’ini ko’paytirish kabi masalalar institutdagi istiqbolli masalalarhisoblanadi. Institut faoliyati R.A. Achimov, J. A. Abdumaev, G. A. Grinevich, R.A.Zohidov, A.S.Saidxo’jaev, S.Z.Usmonov, N. M. Usmonxo’jaev, H.F. Fozilov, M. Z. Homidxonov va boshqalar olimlar nomi bilan bogliq.